Aziz va muhtaram filial jamoasi!
Qadrli professor-o‘qituvchilar, izlanuvchilar, xodimlar va aziz talaba-yoshlar!
2025-yil filialimiz uchun barakali va unumli yil bo‘ldi. O‘tib borayotgan yil ta’lim, ilm-fan, ma’naviyat, sport va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida muhim yutuqlar bilan muhrlandi. Bu yutuqlar filialimizning ilmiy salohiyatini, jamoamizning fidokorona mehnati, birligi va jipsligini ham namoyon etdi.
2025-yilda filialimizda jami 58 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bordi. Ularning 50,8 foizi ilmiy darajaga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich filialda shakllangan ilmiy muhitning mustahkamligini yaqqol namoyon etadi. Jumladan, 4 nafar fan doktori (DSc), 4 nafar fan nomzodi, 22 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy-pedagogik faoliyat yuritmoqda. Yosh PhD kadrlari ulushi ortib borayotgani ilmiy avlodlar almashinuvi ta’minlanayotganidan dalolat beradi. Professor-o‘qituvchilarning o‘rta yoshidagi tajriba va innovatsion fikr uyg‘unligi ta’lim sifatini oshirishda muhim rol o‘ynadi.
Filialda 2025-yilda ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligi sezilarli darajada oshdi. Respublikaviy va xalqaro konferensiyalarda professor-o‘qituvchilarimiz faol ishtirok etdi, ilmiy ishlarimiz xalqaro maydonda e’tirof etildi. Ilmiy-tadqiqot dasturlari va xo‘jalik shartnomalari doirasida 13 ta shartnoma asosida 60 million so‘mlik ishlar amalga oshirildi. UNDP bilan hamkorlikda yirik shoxli qoramol mahsuldorligini oshirish, ilmiy asoslangan oziqlantirish rationlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha 121 million so‘mlik ishlar bajarildi. Britaniyaning “The Biologists Company” kompaniyasi tomonidan 2 000 funt sterling miqdorida grantlar jalb qilindi.
Filialimiz professor-o‘qituvchilari Xitoy, Rossiya va Qirg‘izistonda xalqaro ilmiy tadbirlarda qatnashib, ilg‘or tajribalarni o‘rgandi, innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirdi. Google Scholar bazasida h-indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan professorlar soni ortib, filialning ilmiy nufuzi mustahkamlandi.
2025-yilda bir qator professorlarimiz yuqori davlat va jamoat mukofotlari bilan taqdirlandi:
— Sh.Avezimbetov va R.Aytjanov “Vatanfidoyisi” ko‘krak nishoni bilan;
— R.Aytjanov “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan;
— A.Urimbetov Turon Fanlar Akademiyasining “Akademik” ko‘krak nishoni bilan;
— Q.Sarsenbayev “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan;
Shuningdek, Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan e’tirof etildi. Yosh kadr bo‘lishiga qaramay, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qisqa muddat ichida ikkinchi bor e’tirof etilishi, uning o‘zining fidokorona va samarali mehnati natijasidir. Ushbu mukofotlar nafaqat ustozlarimizning shaxsiy yutug‘i, balki filialimizning sharafi va jamoaning fidokorona mehnati sifatida qadrlanadi.
2025-yilda filialimiz talabalari ilmiy, intellektual, ma’naviy va sport yo‘nalishlarida faol ishtirok etdi. Aprel oyida IV Respublika “Yoshlar forumi” doirasida o‘tkazilgan fan olimpiadasida filialimizdan 1-o‘rinni 2 talaba, 2-o‘rinni 6 talaba va 3-o‘rinni 3 talabamiz qo‘lga kiritdi. Forum davomida “Eng yaxshi plakat” tanlovida 1-o‘rin, “Zakovat” intellektual o‘yinida 1-o‘rin, “Mushohada” tanlovida 1-o‘rin, “Talabalar teatr studiyasi” tanlovida 1-o‘rin, “Kitobxonlik” tanlovida 1-o‘rin va stol tennisi bo‘yicha sport musobaqasida 2-o‘rin egallandi.Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Munozara-debat” tanlovida 1-o‘rin, “Ma’rifat maydoni” tanlovida 2-o‘rin, “Talabalar ligasi” badminton musobaqasida 3-o‘rin, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 2-o‘rin, Farg‘onada sportning parakamondan (oq binodan) o‘q otish bo‘yicha “O‘zbekiston kubogi”da 1-o‘rin va noyabr oyida “Kiberxavfsizlik oyligi” videoroliklar tanlovida 3-o‘rinni egallashdi. Umuman, 65 nafar talaba xalqaro onlayn olimpiadalarda, 16 nafar talaba respublika olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 22 talaba “Mirzo Ulug‘bek vorislari” startap loyihalar ko‘rik-tanlovida ishtirok etdi, shundan 12 talaba tuman va shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, 6 talaba Respublika bosqichiga yo‘llanma olib faol ishtirok etdi va 6 talaba “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, filialimizda yil davomida 5 respublika va 1 xalqaro ilmiy konferensiya, 19 ta Scopus va Web of Sciyence jurnallarida maqolalar, 50 ta Respublika VAK ilmiy jurnalida maqolalar, 101 ta IMPACT faktorsiz xalqaro ilmiy jurnal maqolalari nashr etildi. Professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan 5 ta xalqaro va respublika miqyosidagi ixtiro va foydali modellarga patentlar olindi. Aziz hamkasblar va talabalar!
Yangi 2026-yil arafasida ortga nazar tashlar ekanmiz, erishilgan barcha yutuqlarimiz kelgusidagi ulkan marralar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Oldimizda yanada katta maqsadlar, mas’uliyatli vazifalar turibdi va biz ularni albatta birgalikda amalga oshiramiz.
Barchangizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, tinchlik-osoyishtalik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. Filialimiz ravnaqi yo‘lida qilayotgan samarali va fidokorona mehnatingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Yangi yil barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!