test

Yangi ilmiy g‘oyalar, tajriba almashuvi va global muloqot maydoni -filialda xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi
2025-yil 13-noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida joylashgan “Oq qush” majmuasi yuksak ilmiy muhit, xalqaro hamkorlik ruhi va zamonaviy g‘oyalar uyg‘unligiga guvoh bo‘ldi. Bu yerda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tashabbusi bilan “Veterinariya meditsinasi va chorvachilikdagi dolzarb muammolar hamda ularning yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy va ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman ilmiy tajriba almashish maydoni bo‘lish bilan birga, veterinariya va chorvachilik tarmoqlarining kelajagini belgilovchi, mintaqaviy hamda global miqyosdagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqan yirik ilmiy voqea sifatida e’tirof etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi M.Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri A.Ayapov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi M.Qaypanov, shuningdek, mamlakatimiz hamda xorijdan taniqli olimlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari vakillari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Konferensiyani filial direktori, professor A.Esimbetov ochib berdi. O‘z so‘zida u mamlakatda veterinariya va chorvachilik sohasini modernizatsiya qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy hamkorlik va innovatsion g‘oyalarning sohaga kiritayotgan yangicha ruhini alohida ta’kidladi.
Professorning qayd etishicha, so‘nggi yillarda veterinariya meditsinasi nafaqat hayvonlar salomatligini ta’minlash bilan cheklanmayapti, balki oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik barqarorlik va bioxavfsizlik siyosatining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Shu bois ilm-fan yutuqlari, yangi avlod biotexnologik yechimlari va raqamli tahlil tizimlarini sohaga tatbiq etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Anjumanda Qozog‘iston Respublikasi Milliy agrar tadqiqot universiteti “Mikrobiologiya, virusologiya va immunologiya” kafedrasi professori R.Miqtibaeva “Qozog‘iston Respublikasi fermer xo‘jaliklarida Lactobact ARZ probiotik preparatini ishlab chiqish va qo‘llash tajribasi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Professor R.Miqtibaeva o‘z chiqishida ushbu xalqaro anjumanning ilmiy hamkorlikni kengaytirish va veterinariya sohasida innovatsion g‘oyalarni tatbiq etishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
“Ushbu konferensiya tadqiqotchilar va amaliyotchilar uchun tajriba almashish, innovatsion yechimlarni muhokama qilish va hayvonlar sog‘lig‘ini ta’minlashda zamonaviy yondashuvlarni shakllantirish maydoni yaratdi. Probiotik preparatlar ustida olib borilayotgan tadqiqotlar mikroflorani barqarorlashtirish, immunitetni mustahkamlash va mahsuldorlikni oshirishda aniq va ilmiy asoslangan natijalar bermoqda”.
Shuningdek, konferensiyada boshqa davlatlardan tashrif buyurgan yetakchi mutaxassislar tomonidan hayvonlar genetikasi, yuqumli kasalliklarni erta aniqlash, vaksina texnologiyalarini takomillashtirish, chorvachilikda ekologik barqaror tizimlarni yaratish va raqamli boshqaruv modellarini joriy etish masalalari bo‘yicha ilmiy fikrlar bildirildi.
Anjuman yakunida soha rivojiga munosib ilmiy hissasi qo‘shilgan eng faol tadqiqotchilar va eng yaxshi ma’ruzalar mualliflari taqdirlandi. Konferensiya materiallari ilmiy to‘plam shaklida nashr etilishi rejalashtirildi.
Ushbu xalqaro ilmiy tadbir filialning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirib, veterinariya va chorvachilik fanlarining zamonaviy bosqichda rivojlanish istiqbollarini belgilab beruvchi muhim tarixiy voqea sifatida yodda qoldi.
скачать dle 12.1