Yo‘l harakati xavfsizligi va ogohlik madaniyati — yoshlar e’tiborida
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlar o‘rtasida yo‘l harakati madaniyatini oshirish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l tutish bo‘yicha navbatdagi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirni yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev ochib berib, yo‘l harakati xavfsizligi har bir fuqaroning hayotida bevosita mas’uliyat talab etuvchi soha ekanini ta’kidladi. U talabalarning ushbu masalaga jiddiy yondashuvi nafaqat o‘z hayoti, balki atrofdagilar tinchligi uchun ham muhimligini alohida qayd etdi.
So‘ngra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektori, safdor T.Qurbonbayev hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, kapitan Erbol Juzbayev yoshlarga yo‘l harakati qoidalariga amal qilish, tezlikni me’yorda saqlash, mast holatda transport boshqarmaslik kabi muhim jihatlar bo‘yicha tushuntirish berdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga tabiiy gaz va elektr jihozlaridan foydalanishda ehtiyotkorlik qoidalariga rioya etish, nosoz asbob-uskunalardan foydalanmaslik hamda xavfli holatlar yuzaga kelganda tegishli xizmatlarga zudlik bilan xabar berish zarurligi eslatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida talabalarga yo‘l harakati va xavfsizlik madaniyatiga oid videoroliklar namoyish etilib, savol-javoblar tarzida muloqot o‘tkazildi.
Mazkur tadbir yoshlar ongida ogohlik, tartib-intizom va mas’uliyat hissini mustahkamlashga xizmat qildi.









скачать dle 12.1