Zakovat — tafakkur, bilim va ma’naviyat maydoni
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan talaba-yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual bellashuvi o‘z startini oldi. Mazkur loyiha nafaqat savol-javob musobaqasi, balki bilim, tafakkur va jamoaviylik sinovi sifatida yoshlarni o‘z ustida ishlashga, fikrlash madaniyatini shakllantirishga va ijodiy izlanishga undaydi.
Aql va zukkolik maydoniga jami 17 ta jamoa chiqib, o‘z intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Bellashuv davomida ishtirokchilar 20 ta yo‘nalishdagi savollarga javob berish orqali mantiqiy fikrlash, tarixiy xotira, madaniy bilim va zamonaviy tafakkur darajasini namoyon etishdi.
Qizg‘in va do‘stona ruhda kechgan o‘yinda har bir jamoa o‘z bilimini ishga soldi, jamoaviylik, tezkor fikrlash va o‘z fikrini himoya qilishda faollik ko‘rsatdi. Maydonni ilmga bo‘lgan ishtiyoq, g‘ayrat va ijobiy raqobat ruhi to‘ldirdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga fikrni aniq ifoda etish, nutq madaniyati, estetik tafakkur va intellektual faollikni rivojlantirish bo‘yicha foydali tavsiyalar berildi. “Zakovat” yoshlarni nafaqat bilim sinoviga, balki aql bilan harakat qilish, jamoa bilan g‘alabaga erishish va doimo o‘z ustida ishlashga chorlaydi.
Filialda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, tafakkur va ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida bunday bellashuvlar muntazam tashkil etib borilmoqda.







скачать dle 12.1