Filialda Kasaba uyushmalari kuni keng nishonlandi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 11-noyabr — Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputati U.Jalmenov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Q.Qirg‘izaliyev, shuningdek, Agrosanoat kompleksi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi E.Seytnazarov ishtirok etdilar.
Tadbirni yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev ochib berdi. U o‘z nutqida kasaba uyushmalari tizimining mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi o‘rni, xodimlar manfaatlarini himoya qilish hamda mehnat madaniyatini yuksaltirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda so‘z olgan U.Jalmenov mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish, jamoa birdamligini mustahkamlash va ijtimoiy adolatni ta’minlashda kasaba uyushmalarining muhim roli haqida to‘xtalib, shunday dedi:
"Yoshlar bugungi hayotda faol, tashabbuskor va mehnatsevar bo‘lishi kerak. Chunki kasaba uyushmalari faqat ish joyidagi huquqni emas, balki inson qadri va uning mehnatini hurmat qilish g‘oyasini ham ilgari suradi".
Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari orasida filialning 304-guruh talabasi Jumanova Parizod Bahodir qizi “Kasaba uyushmasi stipendiyasi” sovrindori sifatida e’tirof etildi. Mazkur talabaga sertifikat tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur stipendiya respublikada belgilangan eng kam ish haqining ikki baravarida belgilangan bo‘lib, 2026-yilning yanvar oyidan boshlab olti oy mobaynida har oy to‘lab boriladi.
Parizod Jumanova o‘z so‘zida stipendiyani qo‘lga kiritganidan minnatdorlik bildirib, shunday dedi:
"Bu men uchun katta sharaf va mas’uliyat. Ushbu e’tirof menga yanada bilimga chanqoq, faol va jamoadan o‘z o‘rnimni topadigan mutaxassis bo‘lish yo‘lida kuch bag‘ishlaydi. Kasaba uyushmalari yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutmoqda. Biz esa bu ishonchni amaliy natijalar bilan oqlashga intilamiz".
Tadbir yuqori ruhda, mehnat va birdamlik g‘oyalariga yo‘g‘rilgan holda o‘tdi. Filialdagi ushbu uchrashuv Kasaba uyushmalari kunini munosib nishonlash bilan birga, yoshlar ongida mehnatga hurmat, jamoaviy mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.










скачать dle 12.1