Sog‘lom turmush tarziga — har tongda qadam
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalarni jismoniy faollikka jalb etish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida muntazam ravishda ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.
Bugun ham filial talabalar turar joyida yashayotgan yoshlar erta tongdan sport kiyimlarida maydonga chiqib, badantarbiya mashg‘ulotlarida faol ishtirok etishdi. Mashg‘ulotlar davomida turli jismoniy mashqlar, yugurish, nafas olish mashqlari va musiqali harakatlar bajarildi. Bu esa talabalarga tetiklik, quvvat va ijobiy kayfiyat bag‘ishladi.
Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi — talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularni erta uyg‘onish, jismoniy chiniqish va o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishga o‘rgatishdan iborat. Shu orqali yoshlarda mas’uliyat, intizom va irodani mustahkamlashga erishilmoqda.
Filial rahbariyati tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bu an’ana bugungi kunda yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Talabalar bunday mashg‘ulotlar nafaqat jismoniy sog‘lomlikni, balki ruhiy tetiklikni ham ta’minlashini ta’kidlab o‘tishdi. Ularning fikricha, tongni sport bilan boshlash kun davomida sergaklik va kuch-g‘ayrat manbai bo‘ladi.
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.Abdijaliyevning ta’kidlashicha, bunday mashg‘ulotlar talabalarning sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishda, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kelgusida ham filialda sport va sog‘lom turmush targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlar, musobaqalar va sog‘lomlashtirish loyihalari doimiy ravishda davom ettiriladi.






скачать dle 12.1