Direktor va yoshlar uchrashuvi yangicha ruhda o‘tdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida direktor A.Esimbetov talaba-yoshlar bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda filialda ta’lim olayotgan turli yo‘nalishdagi talabalar ishtirok etib, o‘z fikr va takliflarini ochiq bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv davomida filial direktori yoshlar bilan ochiq va erkin muloqot olib bordi. A.Esimbetov ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni faol hayotga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
–Bugungi yoshlar -ertangi kunning mas’uliyatli mutaxassislari. Shuning uchun har bir talaba o‘z yo‘lini hozirdan belgilashi, bilimga chanqoq, faol va izlanuvchan bo‘lishi kerak. Biz sizning g‘oyalaringizni qadrlaymiz, tashabbusingizni qo‘llab-quvvatlaymiz — dedi A.Esimbetov.
Direktor iqtidorli, tashabbuskor va jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etayotgan talabalarning har doim e’tiborda bo‘lishini, ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi.
— Filialimiz sha’nini yuksaltirayotgan, yirik tadbirlar va ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan loyihalarda faol qatnashayotgan talabalarga biz e’tibor va e’tirof ko‘rsatamiz. Ularning mehnati, fidoyiligi rag‘batlantiriladi — deya ta’kidladi filial direktori.
Uchrashuv jarayonida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollar berib, takliflarini bildirib o‘tdilar. Ularning aksariyati filial hayotida faol ishtirok etish, ta’lim jarayonini takomillashtirish va madaniy-ma’naviy muhitni yanada boyitish borasidagi g‘oyalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuv iliq va samimiy ruhda, o‘zaro hurmat hamda ishonch muhitida o‘tdi. Direktor va yoshlar uchrashuvi talabalarga yangicha qarash, o‘z kuch va imkoniyatlariga ishonch, shuningdek, faol hayotga chorlov bo‘ldi.
скачать dle 12.1