Bitiruvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigi – “TalabaExpo – 2025” ko‘rgazmasi
Nukus shahrida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini belgilash va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi. Ko‘rgazma davomida bitiruvchilarga turli sohalar bo‘yicha ishga joylashish, startap loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda o‘z yo‘nalishlarida tajriba almashish imkoniyatlari taqdim etildi.
Tadbir ayniqsa, filialning bitiruvchi kurs talabalari uchun yangi istiqbol eshiklarini ochdi. Ular o‘z bilim va ko‘nikmalarini amaliy jihatdan namoyish etish, bo‘lajak ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
“TalabaExpo – 2025” doirasida oliy ta’lim muassasalarining faol va tashabbuskor talabalari, jumladan Nukus filiali yoshlari ham tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
— Ushbu tadbir biz, bitiruvchi kurs talabalari uchun katta turtki va motivatsiya bo‘ldi. Bu bizning kelajakdagi yo‘limizni aniq belgilash, orzularimiz sari dadil qadam tashlashga undadi. Ayniqsa, tashakkurnoma bilan taqdirlanganim meni yanada mas’uliyatli va faol bo‘lishga ruhlantirdi — deydi filial bitiruvchisi B.Bazarbayeva.
Tadbir yakunida ishtirokchilar kasbiy rivojlanish, tadbirkorlik g‘oyalari va mehnat bozori bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. “TalabaExpo – 2025” nafaqat yoshlar uchun imkoniyat maydoni, balki ularning kelajak kasbiy yo‘nalishiga ishonch bilan qadam qo‘yishlari uchun mustahkam zamin bo‘ldi.









скачать dle 12.1