Ma’rifat tarovati talabalarga ruh bag‘ishladi
Oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi navbatdagi manzilini Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida topdi. Bu safar loyiha doirasidagi uchrashuvlar yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, kitob o‘qishga bo‘lgan mehrini kuchaytirish va ijodiy fikrlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Ijodkor mehmonlar dastlab poytaxtdagi 33-son umumta’lim maktabida bo‘lib, adabiyot va ijodga qiziqqan o‘quvchilar bilan samimiy muloqot o‘tkazdilar. Suhbat davomida so‘zning kuchi, ilhom va adabiyotning inson hayotidagi o‘rni haqida fikrlar bildirildi.
Shundan so‘ng, ma’naviy safar Nukus filialida davom etdi. Mehmonlar filial hovlisida non va tuz bilan kutib olinib, avvalo talabalarning ijodiy ishlari namoyish etilgan ko‘rgazma bilan tanishdilar.
Majlislar zalida o‘tgan uchrashuvni filial direktori A.Esimbetov ochib berdi. U o‘z so‘zida “Ma’rifat ulashib” loyihasining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida to‘xtalib, bu tashabbus talabalar orasida o‘qish, fikrlash va o‘zini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirayotganini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri X.Dawletnazarov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir B.Bobomurod ishtirok etdilar. Zalda so‘z va ma’naviyat ruhi ustun bo‘ldi. Mehmonlar yoshlar bilan suhbatda hayot, ijod va insoniy qadriyatlar haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Mehmonlar filial Axborot-resurs markaziga ham tashrif buyurib, kutubxona faoliyati bilan tanishdilar. “Zakovat” intellektual o‘yini va insholar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Bu jarayonlar talabalar orasida bilimga, o‘qishga va izlanishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Shuningdek, loyiha doirasida yashil makonni kengaytirish va tabiatga e’tibor ruhida daraxt ko‘chatlari ekish tadbiri ham tashkil etildi. Ushbu ezgu tashabbus mamlakatimiz bo‘ylab o‘tayotgan “Tozalik oyligi” bilan hamohang tarzda o‘tkazildi. Filial hovlisida, yotoqxona atroflarida va o‘quv binolari oldida ekilgan har bir ko‘chat mehnatsevarlik, poklik va yangilanish timsoliga aylandi. Ijodkor mehmonlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar birgalikda amalga oshirgan bu ish o‘zaro hamjihatlik, tabiatga mehr va yashil hayot g‘oyasining amaliy ifodasiga aylandi.
Ijodkorlar ijara uylarga tashrif buyurib, ijara uylarda istiqomat qilayotgan talabalar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazdilar. Muloqot chog‘ida ta’lim jarayoni, yoshlarning orzu-intilishlari va kelajakka bo‘lgan ishonchi haqida iliq fikrlar bildirildi.
Filialda o‘tkazilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi tadbirlari talabalarda kitobga mehr, so‘zga e’tibor va ma’naviy o‘sishga bo‘lgan ishtiyoqni yanada kuchaytirdi. Har bir uchrashuv ishtirokchilarda ezgu niyat, ruhiy yangilanish va o‘z ustida ishlash istagini uyg‘otdi.



























скачать dle 12.1