“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida talabalarning sport mahorati sinovdan o‘tkazildi
Yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sport musobaqalari izchil davom etmoqda.
Shu doirada Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘g‘il bola talabalar o‘rtasida voleybol sport turi bo‘yicha musobaqaning final bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqa davomida filial talabalari o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, jamoaviy ruh va o‘zaro hamjihatligi bilan ajralib turdilar. Qizg‘in va murosasiz kechgan o‘yinlar davomida har bir jamoa g‘alaba uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etdi.
Natijalariga ko‘ra:
1-o‘rin — 1-bosqich talabalari jamoasiga,
2-o‘rin — 3-bosqich talabalari jamoasiga,
3-o‘rin esa 4-bosqich talabalari jamoasiga nasib etdi.
G‘olib jamoalar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.
Mazkur voleybol musobaqasi yoshlar orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, irodaviy fazilatlarini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Nukus filiali jamoasi bundan buyon ham “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport va madaniy tashabbuslarda faol ishtirok etishni, yoshlarning iqtidorini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.








скачать dle 12.1