Til — millatning ruhi, Vataning vijdoni
21-oktyabr — o‘zbek xalqining qalbiga, yurtimiz ma’naviy qiyofasiga muhrlangan sana. Bu kun — ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida har bir yurtdoshimizda g‘urur va iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida mazkur sana munosabati bilan “Ona tili — millat iftixori” shiori ostida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davlat ramzlariga hurmat ifodasi sifatida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari sadolari ostida boshlandi. Bayramona ruhda o‘tgan tadbirni filial direktori A. Esimbetov ochib berdi.
U o‘z nutqida ona tilining millat hayotidagi beqiyos ahamiyati, inson qalbi va tafakkurini shakllantirishdagi o‘rniga to‘xtalib, shunday dedi:
“Til — bu millatning vujudi, uning qalbidagi iftixor va yuragidagi ehtiromdir. Har bir so‘zda ajdodlar qalbi, millatning tarixi va kelajagi mujassam.”
Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetidan tashrif buyurgan mehmon o‘qituvchilar ham o‘z ma’ruzalarida tilning muqaddasligi haqida fikr bildirib, uni asrab-avaylash har bir insonning Vatan oldidagi mas’uliyati ekanini ta’kidladilar.
“Darhaqiqat, til — millatning vijdonidir. Ona tiliga beparvolik — milliy o‘zlikni yo‘qotish demakdir”,
— dedi mehmonlardan biri o‘z chiqishida.
Tadbirning badiiy qismida iqtidorli talaba-yoshlar ona tiliga bag‘ishlangan she’rlar va sahna ko‘rinishlari bilan ishtirokchilar qalbiga go‘zal hissiyotlar ulashdilar. Estrada ijodkorlarining sho‘x va ruhlantiruvchi qo‘shiqlari esa bayram kayfiyatini yanada boyitdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yurtimizda til nufuzini yanada oshirish, uning qo‘llanilish doirasini kengaytirish va har bir sohada ona tilining ravnaqini ta’minlash — har bir vatandoshning burchi ekanini ta’kidlab o‘tdilar.
Haqiqatan ham, til — millatning ko‘zgusi, uning tarixi va ma’naviy qudratidir.
Bugungi kunda davlatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida o‘zbek tili davlat boshqaruvi, ilm-fan, axborot va xalqaro munosabatlar sohalarida tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda.
Ona tiliga muhabbat — bu faqat so‘zga ehtirom emas, balki Vatanga sadoqat, millatga mehr, kelajakka ishonchdir.
Shu ma’noda, 21-oktyabr — nafaqat tarixiy sana, balki har bir yurtdoshimiz uchun ma’naviy uyg‘onish, milliy g‘urur va birdamlik ramzidir.











скачать dle 12.1