Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik — ijarada yashayotgan talabalar xavfsizligi e’tiborda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Kuz-qish mavsumini zararsiz o‘tkazish” mavzusida profilaktik uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda ijarada yashayotgan talaba-yoshlarning mavsumga tayyorgarlik holati, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, shuningdek gaz va elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev, bo‘lim rahbarlari, mahalla vakillari hamda ijarada yashayotgan talabalar ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida kuz-qish mavsumida ko‘p uchraydigan gazdan zaharlanish holatlarining oldini olish, isitish vositalarining texnik xavfsizligi, xonalarni shamollatish tartibi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.
— Farzandlarimizning xavfsiz yashashi va sog‘lom sharoitda ta’lim olishini ta’minlash yo‘lida bunday profilaktik uchrashuvlarning o‘tkazilishi nihoyatda muhim, — deydi 2-bosqich talabasi G.Ubaydullayevaning onasi Z.Aliyeva.
Tadbir chog‘ida ota-onalar tomonidan bir qator takliflar bildirildi. Jumladan, ijarada yashayotgan talabalar bilan muntazam muloqot o‘rnatish, gaz jihozlari va isitish moslamalarining holatini tekshirib borish, xavfsizlik qoidalari bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil etish zarurligi qayd etildi. Ushbu yo‘nalishlarda filial tomonidan tizimli ravishda ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Ota-onalar tomonidan ilgari surilgan taklif va mulohazalar o‘rganilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash borasida filial, ota-onalar va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.








скачать dle 12.1