Talaba-yoshlar o‘rtasida “Yosh koordinator” tanlovi o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlar o‘rtasida “Yosh koordinator” tanlovi o‘tkazildi. Mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — filialda faol, tashabbuskor va yetakchi yoshlarni aniqlash, ularni yoshlar orasida tashkilotchilik faoliyatiga jalb etish hamda talabalarning ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat.
Tanlovda ishtirok etgan nomzodlar Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan tashkil etilgan suhbat jarayonida o‘z bilim, fikrlash qobiliyati va yetakchilik ko‘nikmalarini namoyon etdilar.
— Biz “Yosh koordinator” tanlovini o‘tkazish orqali filialimizda faol, tashabbuskor va yetakchilik salohiyatiga ega yoshlarni aniqlab, ularni talabalarga namuna sifatida targ‘ib etishni maqsad qilganmiz. Eng muhim jihati shundaki, bu tanlov orqali har bir yo‘nalishda yoshlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydigan, jamoani birlashtira oladigan koordinatori tanlanadi, — deydi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi B.Xojabergenov.
Tanlov doirasida jami 7 yo‘nalish bo‘yicha eng munosib talabalar aniqlanadi.
G‘olib deb topilgan koordinatorlarning nomlari filialning rasmiy kanali hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali e’lon qilinadi.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi va Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti bu tanlov orqali talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida yetakchi kadrlar sifatida shakllanishiga xizmat qiluvchi tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘ymoqda.








скачать dle 12.1