Osiyo taraqqiyot banki xalqaro konsultantlari bilan barqaror chorvachilik loyihasi muhokama qilindi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga Osiyo taraqqiyot bankining xalqaro konsultantlari —Leonard Leung, Paolo Manunta hamda William Willis tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmonlar filial rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida tayyorlanayotgan “Iqlim o‘zgarishida moslashuvchan chorvachilikni barqaror rivojlantirish” loyihasining mazmun-mohiyati va istiqbolli yo‘nalishlari haqida fikr almashdilar.
Uchrashuvda loyiha mamlakat chorvachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, qishloq aholisi farovonligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan ishlab chiqarish tizimini shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, unda yirik va mayda shoxli hayvonlar mahsuldorligini oshirish, ozuqa bazasini mustahkamlash, infratuzilmani yaxshilash hamda hayvonlar salomatligi bilan bog‘liq masalalarni hal etish rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng xalqaro konsultantlar filialning professor-o‘qituvchilari bilan muloqot o‘tkazib, ilmiy-amaliy yo‘nalishdagi faoliyat, kadrlar tayyorlash sifati va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildilar. Filial direktori A.Esimbetov tashrifning ahamiyati, xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv davomida ayol o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish va ular orqali fermer xo‘jaliklarida zamonaviy tajribalarni tatbiq etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Muloqot jarayonida xalqaro konsultantlar loyiha doirasidagi yondashuvlar, mintaqaviy ahamiyat va amaliy natijalar yuzasidan fikr bildirdilar. Ular filialning ilmiy salohiyati, o‘quv jarayonlari va laboratoriyainfratuzilmasi bilan tanishib, mavjudimkoniyatlarni ijobiy baholadilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalar ustida ishlash va chorvachilik sohasida innovatsion tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuv filialning xalqaro nufuzini yanada oshirish, zamonaviy veterinariya ta’limida ilg‘or tajribalarni tatbiq etish va barqaror chorvachilikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim qadam bo‘ldi.







скачать dle 12.1