Hurmatli o‘qituvchilarga filial direktorining tabrigi
1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan siz, aziz ustozlarni, filialimizda fidoyi mehnat qilib kelayotgan barcha professor-o‘qituvchilar va yurtimizdagi barcha pedagoglarni butun qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Yurtimizda so‘nggi yillarda ta’lim va tarbiya tizimini tubdan yangilash, uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoldi. Prezidentimiz rahnamoligida o‘qituvchilar maqomi, pedagogik faoliyat nufuzi, ularning mehnatini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash masalalari eng ustuvor vazifalar qatoriga qo‘yilganini barchamiz chuqur his etmoqdamiz. Oliy ta’lim tizimi vakillari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, ilmiy izlanishlarga keng yo‘l ochilishi, ustozlarning moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi – bularning barchasi ustozlik kasbiga bo‘lgan yuksak ehtirom va e’tiborning yorqin dalilidir.
Bugun biz faxr bilan ta’kidlaymizki, Nukus filialida 50 nafardan ziyod tajribali, fidoyi professor-o‘qituvchilar yoshlarimizga nafaqat bilim, balki hayotiy saboq, tarbiya va ma’naviyat berib kelmoqdalar. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ilmiy darajaga ega pedagoglarimiz safi sezilarli darajada kengaydi – bugungi kunda o‘qituvchilarning qariyb 45 foizi ilmiy unvonga ega. Bu ko‘rsatkich nafaqat filialimizning, balki butun ta’lim tizimining yuksalishidan darak beradi. Bu yutuqlarda siz, aziz ustozlarning fidokorona mehnati, izlanishi va qat’iyati mujassam.
Hurmatli ustozlar! Sizlar doimo jamiyatimizning ma’naviy yo‘lboshchisi, kelajagimiz bunyodkorisiz. Sizlarning mashaqqatli mehnatingiz tufayli yurtimizning ertangi kuni – yoshlarimiz yuksak bilimli, keng dunyoqarashli, vatanparvar mutaxassislar bo‘lib voyaga yetmoqda. Ustozlik – eng ulug‘ va sharafli kasb, sizlarning har biringiz bu nomni munosib ravishda ado etib kelmoqdasiz.
Shu ulug‘ ayyomda sizlarga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga farovonlik, ezgu maqsadlaringizda bardavom muvaffaqiyatlar tilayman. Har bir qilgan mehnatingizning samarasini ko‘rib, shogirdlaringizning yutuqlari bilan faxrlanib yurishingizni istayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
Hurmat bilan,
Filial direktori, professor A.Esimbetov
скачать dle 12.1