Ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi hamkorlik zamonaviy ilm-fan rivojida alohida ahamiyatga ega. Bu jarayon yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va yangi izlanishlarga yo‘l ochishda muhim omil hisoblanadi.
Shu maqsadda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) X.Yuldashev tashrif buyurdi.
Dastlab mehmon filialdagi ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘quv laboratoriyalari faoliyatini ko‘zdan kechirib, talabalarning nazariy bilimlarini chuqurlashtirish, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ilmiy tajriba orttirishga keng imkoniyatlar yaratilgani e’tirof etildi.
Shundan so‘ng professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar hamda magistrlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni filial direktori A.Esimbetov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Suhbat chog‘ida X.Yuldashev ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati, mavjud ilmiy yo‘nalishlar hamda tadqiqot natijalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Institut huzurida ilmiy daraja himoya qilish imkoniyati mavjudligi yosh izlanuvchilar uchun katta rag‘bat ekanini ta’kidladi.
Tashrif davomida ikki muassasa o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, qo‘shma izlanishlar olib borish, yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish, yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda malaka oshirish borasidagi istiqbollar belgilab olindi.
Mazkur uchrashuv filialda ilmiy hayotni yanada rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarning izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash va ilmiy darajaga tayyorgarlik jarayonini takomillashtirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.










скачать dle 12.1