Filialida bilim va ezgu maqsadlar sari yangi start
Yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimi jamiyat taraqqiyotini, mamlakat kelajagini belgilab beruvchi eng muhim sohalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Shu boisdan ham har bir yangi o‘quv yilining boshlanishi nafaqat ta’lim muassasalari hayotida, balki butun jamiyat uchun katta hayajon va katta umidlar bilan qarshi olinadigan unutilmas voqeaga aylanadi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ham 2025–2026-o‘quv yilining tantanali ochilish marosimi yuksak ruhda o‘tkazildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, filial jamoasi, professor-o‘qituvchilar, yangi o‘quv yilida talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
Tantanani filial direktori A.Esimbetov ochib, yig‘ilganlarni mustaqilligimizning 34 yillik tantanasi va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan samimiy tabrikladi. O‘z nutqida u bugungi yoshlardan kutilayotgan yuksak maqsadlarni alohida qayd etib, ularni mustaqil fikrlashga, millat va Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyi bo‘lishga chorlab, bilim va intilish bilan katta marralarni zabt etishga da’vat etdi.
Shuningdek, marosimda so‘zga chiqqan mehmonlar ham talabalarga samimiy tilaklarini bildirib, ularning yangi yutuqlar sari dadil intilishida doimo omad hamroh bo‘lishini tilashdi.
Filialda yangi o‘quv yilining boshlanishi – nafaqat ilm-fan maydonida yangi sahifa ochilishi, balki yoshlarning kelajak sari dadil qadam tashlashida, ularning barkamol va yetuk shaxs sifatida shakllanishida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun filialda o‘qishni boshlayotgan yoshlar mustaqil yurtimizning ertangi kunini bunyod etadigan, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan avlod sifatida katta ishonch va e’tibor bilan qarshi olindi.










скачать dle 12.1