Talabalik – hayotimdagi eng ulug‘ burilish
Men uchun talabalik – bu oddiy bosqich emas, balki umrimning eng muhim va mas’uliyatli pallasi. Inson hayotida ba’zan shunday kunlar bo‘ladiki, ular butun kelajak yo‘lini belgilab beradi. Men uchun ana shunday kun – Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga talaba sifatida qadam qo‘ygan kun bo‘ldi.
Men ulug‘ ajdodlar maskani – Xorazm vohasidan kelganman. Buyuk orzular va ezgu maqsadlar meni bu zamonaviy ta’lim dargohiga yetakladi. Bu yerda men nafaqat bilim olish, balki mustaqil fikrlash, mehnat qilish va orzularimni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ldim. Davlat granti asosida yuqori ball bilan talaba bo‘lish men uchun faxr, shu bilan birga, katta mas’uliyatdir. Chunki bu imkoniyat – yurt rahbariyatining ishonchi, ustozlarimning umidi va ota-onamning orzusidir. Shu bois men har bir dars, har bir izlanish va har bir natijam orqali bu ishonchni oqlashga harakat qilaman.
Filialda yaratilgan shart-sharoitlar, talabalar uchun yangilangan auditoriyalar, zamonaviy laboratoriyalar va ma’naviy muhit meni yanada ko‘proq intilishga undamoqda. Bu yerda ustozlarimning mehri, do‘stlarimning qo‘llab-quvvatlashi orqali o‘z qobiliyatimning yangi qirralarini kashf etyapman.
Darhaqiqat, bugungi kunda veterinariya va chorvachilik sohasi mamlakatimizda jadal rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa men kabi yoshlar uchun katta mas’uliyat, bir vaqtning o‘zida esa beqiyos imkoniyatdir. Chunki bizga berilgan har bir dars, har bir tajriba – kelajakda soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shishimizni ta’minlaydi. Ayniqsa, bugungi kunda veterinariya va chorvachilik sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega yo‘nalish sifatida jadal rivojlanmoqda.
Yurtimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish jarayonlarida ushbu soha hal qiluvchi omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan sohani isloh qilish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni tatbiq etish, mutaxassis kadrlar tayyorlash va moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa biz yoshlarga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Chunki bugun olayotgan bilimimiz, egallayotgan tajribamiz va izlanishlarimiz kelajakda mamlakat taraqqiyoti hamda xalq farovonligi uchun xizmat qiladi.
Shubhasiz, bizga yaratilgan imkoniyatlar – bu beqiyos ne’mat, shu bilan birga, yuksak ishonchdir. Shu bois men kabi yoshlar uchun har bir dars, har bir tajriba – faqat shaxsiy yutuq emas, balki soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Mening asosiy maqsadim – kelajakda bilimli, mas’uliyatli va sohaga sadoqatli mutaxassis sifatida xalqimga foydali inson bo‘lish. Bilim olish – bu nafaqat shaxsiy orzu, balki jamiyat oldidagi burchdir. Shu bois men doimiy izlanish va tinimsiz mehnat orqali maqsadlarimga erishishga qat’iy bel bog‘laganman.
Men yaxshi bilamanki, inson hayotidagi eng katta mukofot – bu orzularning amalga oshishi. Ammo orzular faqat harakat qilgan, tinimsiz o‘rgangan va yuksak maqsadlarga intilgan yoshlargagina bo‘ysunadi. Men shu o‘rinda, yaratilgan imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariyatiga, ustozlarim va universitetimiz jamoasiga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman. Bildirilgan ishonch – men uchun ulkan baxt va mas’uliyatdir.
Behruzbek Otaboyev,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,
chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti
Nukus filialining 1-kurs talabasi,
O‘zA
скачать dle 12.1