Magistrantlar bilan ilk muloqot tashkil etildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida joriy yilda magistratura bosqichiga qabul qilingan talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, bu yil filial magistraturasiga jami 45 nafar talaba qabul qilingan. Filial direktori A.Esimbetov yig‘ilish avvalida yoshlarni tabriklab, ularni yangi bosqichga dadil qadam qo‘yganliklari bilan samimiy muborakbod etdi. U magistratura talabalari uchun bu davr oddiy o‘qish jarayoni emas, balki ilmiy faoliyat sari mas’uliyatli qadam ekanini alohida ta’kidladi. Suhbat davomida magistrantlar uchun ta’lim jarayonining o‘ziga xos jihatlari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, dars mashg‘ulotlari qanday tashkil etilishi, ilmiy rahbarlarni tanlash tartibi, ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish va dissertatsiya ishlarini bosqichma-bosqich tayyorlash masalalariga batafsil tushuntirish berildi. Shuningdek, magistrantlarga ilmiy izlanishda izchillik, yangiliklarga intilish va mustaqil fikrlash muhim ekani uqtirildi. Uchrashuv jarayonida yoshlarning fikrlari va takliflari ham tinglandi.
Magistrantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va ularga atroflicha javob berildi. Muloqot ochiq va erkin muhitda kechgani sababli talabalar o‘zlarini erkin his etishdi. Yig‘ilish yakunida direktor A.Esimbetov magistrantlardan katta umidlar kutayotganini aytib, ularga ilmiy faoliyatda yuksak marralarga erishish uchun sabr, matonat va tinimsiz mehnat zarurligini eslatib o‘tdi. Bu uchrashuv magistratura bosqichini endi boshlagan yoshlar uchun ilmiy izlanishlarga yo‘l-yo‘riq berish, ularni mas’uliyatli qarorlar sari undash va kelgusida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishga zamin yaratib berdi.





скачать dle 12.1