Yuksak marralarga eltuvchi ilk qadam
Talabalik baxti – orzular ro‘yobi
Har bir yoshning hayotida unutilmas lahzalar bo‘ladi. Ular qalbga chuqur muhrlanib, hayot yo‘lining burilish nuqtasiga aylanadi. Shubhasiz, davlat granti asosida talabalikka erishish ham ana shunday betakror onlar jumlasidan biridir. Bu — yillar davomida to‘plangan bilim, sabr va qat’iyatning yorqin mevasi, orzularning ushalishidir.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ham bu yil yuzlab yoshlar bilim maskaniga qadam qo‘ydi. Ular orasida eng yuqori ball to‘plab grant asosida talaba bo‘lganlarning samimiy so‘zlari qalblarni yanada to‘lqinlantiradi.
Ahmet Amangeldiyev, Veterinariya meditsinasi yo‘nalishi talabasi:
“Talabalikka qabul qilingan kunim hayotimdagi eng katta yutuqqa aylandi. Bu orzuimga eltgan yo‘lda ota-onamning ishonchi va ustozlarimning mehnati ham mujassam. Endi oldimda yangi marralar turibdi. Men bilim olib, kasbimga sadoqatli bo‘lishni va yurtim ravnaqiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman.”
Munisa Janabayeva, Buxgalteriya hisobi yo‘nalishi talabasi:
“Davlat granti asosida talabalikka erishish mening zimamga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu ishonchni oqlash uchun barcha imkoniyatimni ishga solishga bel bog‘ladim. Har bir darsimni puxta o‘zlashtirib, kelajakda bilimdon va yetuk mutaxassis bo‘lishga intilaman. Men uchun talabalik — o‘z yo‘limni topish sari tashlangan eng muhim qadam.”
Samandar Abdijalilov, Veterinariya meditsinasi yo‘nalishi talabasi:
“Yurtimiz rahbariyatining yoshlarga bildirilgan ishonchi menga kuch bag‘ishlaydi. Talabalikka erishganim menga faqat quvonch emas, balki yelkamga yuklangan mas’uliyatni ham eslatadi. Endi o‘qishda faol bo‘lib, bilimimni oshirish va o‘z ustimda tinimsiz ishlashni maqsad qilganman. Bugungi yutug‘im menga ertangi kun uchun yanada katta ishonch beradi.”
Raysa Uzaqbergenova, Suv bioresurslari va akvakultura yo‘nalishi talabasi:
“Universitet ostonasiga qo‘ygan ilk qadamlariyom hayotimda yangi sahifa ochdi. Test sinovlari ortidan orzum ushaldi va men grant asosida talaba bo‘ldim. Bu imkoniyat mening kelajagim uchun keng ufqlar yaratdi. Endi o‘z bilimimni boyitib, jamiyatga foyda keltiradigan mutaxassis bo‘lish uchun barcha kuchimni safarbar etaman.”
Ularning so‘zlaridan bir haqiqat ayon bo‘ladi: bilim va mehnat hech qachon zoye ketmaydi. Talabalikka qabul qilingan bu yoshlarning qalbidagi beg‘ubor quvonch — yurtimiz kelajagi uchun mustahkam ishonchdir.
Bugun mamlakatimizda oliy ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar tufayli minglab yigit-qizlar o‘z orzularini ro‘yobga chiqarib, yangi marralar sari dadil odimlamoqda.





скачать dle 12.1