Yangi o‘quv yilida talabalar kiberxavfsizlik va intizom saboqlarini olishdi
Bugun, 8-sentabr kuni yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalarining 2025/2026-o‘quv yili uchun dars mashg‘ulotlari boshlandi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ham yangi o‘quv fasli nafaqat dars mashg‘ulotlari, balki yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlar bilan boshlandi. Filialda yangi o‘quv yilning ilk kunlaridanoq kiberxavfsizlik masalalari kun tartibiga qo‘yildi. Talabalar o‘rtasida internetdan oqilona foydalanish, kiberjinoyatlardan himoyalanish, onlayn tahdidlarni erta aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Tadbir doirasida talabalar uchun kiberxavf-xatarlar yuzasidan tarqatma materiallar tayyorlandi, ularga xavfsizlik qoidalariga oid batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor birinchi o‘rinbosari rahbarligida o‘tkazilgan suhbatlarda odob-ahloq kodeksining mazmun-mohiyati ham 1-kurs talabalarga keng yoritildi. Kodeks nafaqat qoidalarning yig‘indisi, balki hurmat, intizom va mas’uliyatli bo‘lishning amaliy qo‘llanmasi sifatida taqdim etildi.
Tegishli mas’ullar hamda talabalar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida ularning tashqi ko‘rinishi, kiyinish madaniyati hamda umumiy odob-axloqi muhokama qilindi. Intizomga rioya qilish, zamonaviy, biroq odob-axloqqa mos kiyinish nafaqat talabaning shaxsiy madaniyati, balki ta’lim muassasasining obro‘-e’tiborini belgilovchi muhim mezonlardan biri ekani alohida ta’kidlandi. Filialda boshlangan yangi o‘quv yili yoshlar uchun faqat bilim olish jarayoni emas, balki kiberxavfsizlik bo‘yicha to‘g‘ri tushunchalarni shakllantirish, intizomga qat’iy amal qilish va ma’naviy barkamol shaxs sifatida kamol topish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.








скачать dle 12.1