Nókis filialında ilimiy-ámeliy jumıs monitoring etildi
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimining ilmiy-amaliy yo‘nalishini kuchaytirish, tarmoq korxonalari bilan integratsiyani ta’minlash hamda innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, veterinariya va chorvachilik sohasida ilmiy salohiyati yuqori, zamonaviy laboratoriyalarga ega ta’lim muassasalarining faolligi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jalik vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining 2025-yil 18-iyuldagi 107-sonli buyrug‘i asosida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar holatini o‘rganish bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.
Ishchi guruhga qo‘mita Fan va ta’limni rivojlantirish bosh mutaxassisi Sh.Mamatov rahbarlik qildi. 2025-yil 2-avgust kuni tashrif davomida filialning joriy yil birinchi yarmidagi ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalari, doktorantura faoliyati, laboratoriya ish jarayonlari va ularni moliyalashtirish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Sh.Mamatov universitetda ilmiy faoliyat uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy laboratoriyalar va ularning amaliyot bilan integratsiyasi holatini o‘rganib, olib borilayotgan izlanishlar va ularning samaradorligini ijobiy baholadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, filialda ilmiy ishlar oldindan tasdiqlangan mavzular asosida, metodik jihatdan puxta ishlab chiqilgan dasturlar asosida olib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan ilmiy ishlanmalarning aksariyati ishlab chiqarishga joriy etilmoqda, bu esa ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi bog‘liqlik mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Nukus filiali bugungi kunda nafaqat ta’lim, balki ilmiy-innovatsion faoliyat markazi sifatida ham shakllanib bormoqda.









скачать dle 12.1