“Dolzarb 90 kun”: Yoshlar bilan ishlashda yangi bosqich
Zamonaviy ta’lim muassasalari nafaqat bilim berish, balki yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularni intellektual va ijtimoiy jihatdan rag‘batlantirishga ham katta e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida yoshlar bilan tizimli ishlar olib borilayotgani talabalarning ijodiy faolligini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali ushbu tashabbusni samarali davom ettirib, yozgi oromgoh hududida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etmoqda. Ular orasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan viktorinalar va interaktiv o‘yinlar alohida e’tiborga loyiq.
Filial Axborot-resurs markazi xodimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Kitob nomini top” viktorinasi talabalar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Bellashuv davomida ishtirokchilar nafaqat o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi, balki o‘zaro fikr almashib, jamoaviy muhitda fikrlash malakasini rivojlantirishdi.
Tanlovlar davomida talabalar o‘qigan kitoblari asosida savollarga javob berishdi, muallif va asarlarni to‘g‘ri topish bo‘yicha musobaqalashishdi. Ushbu jarayon yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirib, ularni izlanishga, yangi adabiyotlarni o‘rganishga undadi.
Bu kabi tadbirlar orqali talabalarda o‘z fikrini erkin ifodalash, ijodiy yondashuv va tanqidiy tafakkur ko‘nikmalari shakllanmoqda. Shubhasiz, bu esa ularning nafaqat hozirgi hayoti, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida o‘tkazilayotgan har bir tadbir yoshlarning o‘z salohiyatini yuzaga chiqarish, bilimga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va jamoaviy ruhda harakat qilishga undamoqda.













скачать dle 12.1