“Dolzarb 90 kun”: Talabalar bilim va tafakkur maydonida bellashdi
Talabalar o‘rtasida intellektual salohiyatni oshirish, ularning erkin vaqtini mazmunli tashkil etish va jamoaviylik ruhini kuchaytirish bugungi kun ta’lim muassasalarining dolzarb vazifalaridan biridir. Shu maqsadda yurtimizning barcha hududlarida “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur tashabbus asosida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ham talaba-yoshlarning bilim, tafakkur va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Yozgi oromgoh hududida o‘tkazilayotgan sport bellashuvlari, kitobxonlik tanlovlari, viktorinalar va intellektual o‘yinlar talabalar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu esa ularning bilim va dunyoqarashini kengaytirish bilan birga, do‘stona muhitda faol ishtirok etishlariga zamin yaratmoqda.
Shu kabi tadbirlardan biri – “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘ldi. Yoshlar ittifoi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi B.Xojabergenov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu bellashuv bilimdon va izlanuvchan talabalarni bir maydonga jamladi. O‘yin davomida turli oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘z bilim va tafakkur kuchini namoyon etdi, jamoaviy fikrlash va murosaga kelish qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasiga nasib etdi. Kuchli uchlikni esa Nukus davlat texnika universiteti vakillari yakunladi.
Bellashuv yakunida g‘olib jamoalar esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandi. Eng muhimi, talabalar o‘rtasida bilimga intilish, mantiqiy fikrlash va sog‘lom raqobat muhiti yuzaga keldi.
“Dolzarb 90 kun” doirasida o‘tkazilayotgan har bir tadbir yoshlar faolligini oshirish, ularda tashabbuskorlik va jamoaviylik ruhini kuchaytirishga yo‘naltirilgan.











скачать dle 12.1