“Dolzarb 90 kun” doirasida yozgi oromgohda shashka musobaqasi
Yozgi ta’til – talabalar hayotida nafaqat hordiq, balki yangi do‘stlar orttirish, bilim va ko‘nikmalarni oshirish, eng asosiysi esa mazmunli vaqt o‘tkazish uchun muhim davrdir. Aynan shuni inobatga olgan holda, “Dolzarb 90 kun” doirasida oliy ta’lim muassasalari tomonidan yoshlar uchun turli madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etilmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tashabbusi bilan yozgi oromgohda dam olayotgan talabalar o‘rtasida shashka musobaqasi o‘tkazildi. Bellashuvda oromgohda hordiq chiqarayotgan oliy ta’lim muassasalarining talabalari qamrab olindi. Musobaqa davomida talabalar g‘alaba uchun jonbozlik bilan bellashdi. Ishtirokchilar o‘zlarining aql-zakovati, strategik fikrlashi va sabr-toqatini sinovdan o‘tkazdi.
Tomoshabinlar esa har bir yurishni qiziqish bilan kuzatdi. Musobaqa so‘ngida g‘oliblar aniqlanib, ular tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ayniqsa, talabalarning o‘zaro do‘stona muloqoti, ochiq va samimiy muhitda bellashgani barchada iliq taassurot qoldirdi. Bunday tadbirlar orqali talabalar bir-birlari bilan yaqindan tanishib, o‘zlarining iqtidor va qiziqishlarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Yozgi oromgoh hayoti esa ana shunday unutilmas lahzalarga boy bo‘lib bormoqda.








скачать dle 12.1