“Dolzarb 90 kun” doirasida kitoblar olamiga sayohat
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talabalari “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida oromgohda ta’til kunlarini zavqli va mazmunli o‘tkazishmoqda. Talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini yanada samarali tashkil etish, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda kitobga bo‘lgan mehrini kuchaytirish maqsadida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, filialning Axborot-resurs markazi xodimlari tomonidan oromgoh hududida “Kitob – eng yaxshi do‘st” shiori ostida sayyor kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur tadbirda nafaqat filialning, balki boshqa oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, oromgohda dam olayotgan talabalar ham faol ishtirok etishdi. Ko‘rgazma doirasida badiiy adabiyotlar, zamonaviy ilmiy-nazariy asarlar, tarjima qilingan bestseller kitoblar bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Tadbir ishtirokchilari o‘zlariga yoqqan asarlar haqida o‘zaro fikr almashishdi, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etish borasida qiziqarli suhbatlar uyushtirildi.
— Bunday tadbirlar talabalarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Bu orqali nafaqat ma’naviy dunyomiz boyiydi, balki fikrlash doiramiz ham kengayadi – deydi Axborot-resurs markazi rahbari Z.Erlepesova. Shu tariqa, “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlar talabalarning maroqli dam olishi va ma’naviy dunyosining boyishini ta’minlamoqda.







скачать dle 12.1