“Dolzarb 90 kun” doirasida shaxmat va shashka bahslari o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli va samarali tashkil etishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ushbu tashabbus doirasida filialning Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan Nukus shahridagi 32-sonli umumta’lim maktabida sportning aqliy turlari — shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqa tashkil etildi. Tadbir o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazish, ularni sog‘lom fikrlash va strategik tahlilga yo‘naltirish maqsadida o‘tkazildi.
Musobaqa davomida maktab o‘quvchilari o‘z do‘stlari bilan bellashib, zakovat, diqqat, sabr va tafakkur orqali o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar. Bahslar qizg‘in, do‘stona va rag‘batlantiruvchi ruhda o‘tdi. Yakunda faol ishtirok etgan o‘quvchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
— “Dolzarb 90 kun” tashabbusi yoshlar hayotiga ijobiy turtki berayotgan dolzarb loyiha sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan bunday aqliy sport bellashuvlari ularning tafakkurini boyitadi, mantiqiy fikrlashini shakllantiradi va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Bu nafaqat qiziqarli musobaqa, balki har bir ishtirokchining ichki dunyosiga, iqtidoriga yo‘l ochuvchi amaliy maktabdir —deydi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi B.Xojabergenov.
Ushbu tadbir maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ezgu hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lib, yosh avlodni sog‘lom, bilimli va faol shaxs sifatida tarbiyalash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Shubhasiz, bu kabi musobaqalar o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish, ularni ezgu g‘oyalarga, intellektual rivojlanishga va sog‘lom raqobatga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida filial jamoasi 32-son umumta’lim maktabi rahbariyati va ustozlariga mazkur musobaqaning tashkil etilishida ko‘rsatgan faol ishtiroki hamda yaqin hamkorligi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
скачать dle 12.1