Bir maqsad, bir yo‘nalish: maktab va universitetning ezgu hamkorligi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida nafaqat talaba-yoshlar, balki umumta’lim maktablari o‘quvchilarining yozgi ta’til bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Nukus shahridagi 32-sonli umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilari uchun “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Mazkur bellashuv o‘quvchilarni mantiqiy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, jamoada ishlash ko‘nikmalariga o‘rgatish, eng asosiysi esa, yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazishga xizmat qildi.
Tadbirni ochib bergan maktab direktori, taniqli shoira G.Dawletova o‘z nutqida universitet filiali bilan yo‘lga qo‘yilgan bunday hamkorlikni yuksak qadrlagan holda ijobiy fikrlarni bildirdi:
— Zakovat – bu faqat o‘yin emas. Bu — tafakkur maydoni, zukkolik, sabr va bilim mezoni. Biz bugun farzandlarimizga o‘rganish, fikrlash va g‘alabaga ishonch ruhi bilan boyitilgan muhitni taqdim etdik. Universitet bilan bunday hamkorlik — yosh avlodni mustaqil fikrlovchi, bilimli va ijtimoiy faollikka tayyor shaxs sifatida tarbiyalashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi—dedi G.Dawletova.
Musobaqa jarayonida o‘quvchilar jamoalar shaklida faol ishtirok etib, bir-birini qo‘llab-quvvatlash, bilim va mantiqiy xulosalar qilish borasida o‘z salohiyatlarini namoyon etdilar. Bellashuv qizg‘in, do‘stona va yuqori kayfiyatda o‘tdi.
Tadbir yakunida eng yaxshi natija ko‘rsatgan jamoalar universitet filiali rahbariyati tomonidan faxriy diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shubha yo‘qki, maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi bunday hamkorliklar yosh avlodni har tomonlama rivojlantirish, ularning tafakkurini boyitish va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasidagi bunday intellektual loyihalar — ezgu maqsad sari birgalikda tashlangan qadamlardir.
скачать dle 12.1