Respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarining natijalari bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 2024/2025-o‘quv yili davomida tashkil etilgan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarining natijalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va istiqboldagi rejalarni belgilash maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda filial rahbariyati, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy bo‘lim mutaxassislari ishtirok etdi. Ochiq muloqotni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.Avezimbetov kirish so‘zi bilan ochib berdi va olib bordi. Muloqot davomida joriy o‘quv yili davomida Nukus filialida jami 5 ta ilmiy-amaliy konferensiya muvaffaqiyatli tashkil etilgani, shundan 1 tasi xalqaro miqyosda o‘tkazilgani ta’kidlab o‘tildi. Mazkur konferensiyalar yuqori tashkiliy saviyada tashkil etilib, ularda nafaqat respublika miqyosidagi, balki xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan professor-o‘qituvchilar ham faol ishtirok etgan.
Alohida ta’kidlash joizki, mazkur ilmiy anjumanlarning tashkiliy va mazmuniy jihatdan yuksak saviyada o‘tishida filial tarkibidagi kafedralar beqiyos hissa qo‘shgan. Har bir kafedra o‘z ilmiy yo‘nalishiga mos mavzularni aniqlash, ma’ruzachilarni jalb etish, tezis va maqolalarni saralash, ularni ilmiy to‘plam shaklida nashrga tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etgan.
Bu esa filialda ilmiy muhitni yanada jonlantirish, yosh tadqiqotchilarni rag‘batlantirish va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ochiq muloqotda shuningdek, mavjud yutuqlar bilan birga, kelgusida konferensiyalarning miqyosi va sifati yanada oshirilishi, ularni xalqaro andozalarga mos holda tashkil etish, ilmiy maqolalarning sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda ular asosida amaliy loyihalarni shakllantirish zarurligi haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir yakunida filial rahbariyati tomonidan konferensiyalar sonini oshirish, ilmiy maqolalarni xalqaro bazalarda indekslangan jurnallarda chop etish, yosh olimlar va magistrantlarning ilmiy faoliyatini yanada rag‘batlantirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.








скачать dle 12.1