Yozgi oromgoh – talabalik hayotining unutilmas sahifasi
Bugun yurtimiz yoshlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar nafaqat ta’lim jarayonida, balki ta’til vaqtida ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, oromgohlar va amaliy loyihalar talabalar hayotini yanada mazmunli, boy va unutilmas qilmoqda.
Ayni kunlarda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘quv-dala amaliyoti maskanida faoliyat olib borayotgan talabalar yozgi oromgohida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan iqtidorli talaba-yoshlar maroqli dam olib, ijodiy, sport va intellektual mashg‘ulotlarda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talabalari ham oromgohda ta’til kunlarini samarali va qiziqarli o‘tkazishmoqda.
Ushbu oromgohga filialning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev, “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti dekani A.Kaniyazov hamda Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova tashrif buyurib, kun davomida talaba-yoshlar bilan birga bo‘lishdi, ular ishtirokidagi faoliyatlarga bevosita qo‘shilib, samimiy muloqotlar olib borishdi.
Oromgohdagi talabalar esa bu kunda sport mashg‘ulotlari, kitob mutolaasi, intellektual viktorinalar, jamoaviy o‘yinlar, jonli ijroda kuylangan qo‘shiqlar va samimiy suhbatlar orqali o‘z salohiyatlarini namoyon etishdi. Milliy qadriyatlarga boy an’anaviy muhitda, qora uyda bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, o‘zaro hurmat va do‘stlik ruhi bilan sug‘orilgan unutilmas davrada ishtirok etishdi. O‘zbek va qoraqalpoq milliy taomlarining xushbo‘y ifori, sokin bag‘ridagi osoyishtalik va iliq suhbatlar ularning qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
Uchrashuv davomida X.Abdijaliyevning quyidagi samimiy so‘zlari ko‘plab talabalarni hayajonga soldi:
“Biz talaba bo‘lgan paytlarimizda bunday oromgohlarda dam olish imkoniyatlari deyarli bo‘lmasdi. Bugun sizlarga havas qilaman. Faqatgina telefonlar, internet, ijtimoiy tarmoqlardan uzoqroq bo‘ling, ko‘proq muloqot qiling, ichki dunyoingizni boyiting, manaviy oziqa oling. Bu lahzalar sizning yoshlik xotirangizda eng yorqin sahifalardan biri bo‘lib qoladi,” — dedi u.
Bu kabi tashabbuslar nafaqat yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, balki ularni yurt ravnaqiga xizmat qiladigan yetuk mutaxassislar, barkamol shaxslar sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Yoshlar o‘zaro do‘stlik, mehr-oqibat, sog‘lom turmush tarzini qadrlash, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini chuqur his etgan holda oromgohdan ko‘plab unutilmas taassurotlar bilan qaytmoqdalar.
Bugunning yoshlari — ertaning yetakchilari. Ularning har bir tabassumi, har bir ilhomli nigohi, har bir ezgu niyati yurtimiz kelajagining porloqligidan darak beradi.














скачать dle 12.1