“Oq yo‘l, aziz bitiruvchi!” –filialda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi
2025-yil 21-iyul kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Oq yo‘l, aziz bitiruvchi!” shiori ostida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ko‘tarinki ruhda, bayramona shukuhda tashkil etildi.
Marosimda filial rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, ta’lim muassasasining tayanch o‘quv yurti vakillari, shuningdek, Janubiy Ural davlat agrar universiteti Agrosanoat instituti Agrotеxnologiya va ekologiya kafedrasi dotsenti, texnika fanlari nomzodi A.Shabunin, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirni filial direktori, professor A.Esimbetov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U barcha bitiruvchilarga samimiy tilaklar bildirib, ularni katta hayot yo‘lida ilk qadamlari bilan qutladi. —Bugun sizlar hayotingizdagi eng muhim bosqichlardan birini yakunlamoqdasiz. Endi siz bizning izimizdan ergashayotgan yangi avlodsiz. Sizlardan yurtimiz ravnaqi uchun yanada yuksak natijalar, tashabbuslar, fidoyilik va bilim kutamiz. Orzularingiz sari baland parvoz qiling, kelajakda yurt faxriga aylaning —dedi A.Esimbetov.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi B.Norqobilovning bitiruvchilarga yo‘llagan samimiy tabrigi Fan va ta’lim sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i A.Safarov tomonidan videokonferensiya orqali o‘qib eshittirildi. Shuningdek, tayanch o‘quv yurti – Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori X.Yunusov ham tadbirga onlayn tarzda ulanib, bitiruvchilarga o‘z ezgu tilaklarini yo‘lladi.
Marosimning ramziy va ma’naviy jihatdan muhim qismlaridan biri bu – bitiruvchi talabalar tomonidan “Veterinarlik qasamyodi”ni tantanali qabul qilish bo‘ldi. Bu daqiqalar nafaqat bitiruvchilar, balki ularning ota-onalari va ustozlari uchun ham faxr-iftixorga boy lahzalarga aylandi.
Tadbirning eng kulminatsion nuqtasi – diplomlarni tantanali topshirish marosimi bo‘ldi. Bayramona ruhda o‘tgan mazkur qisqa, ammo mazmunli lahzalar har bir bitiruvchining qalbida unutilmas iz qoldirdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilda Nukus filialining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 4 ta mutaxassislik yo‘nalishida jami 297 nafar bakalavr, magistratura bo‘yicha esa 9 nafar bitiruvchiga diplom topshirildi.
Bu yurt kelajagi – yoshlar qo‘lida. Filial jamoasi bugungi bitiruvchilarning har biri ertangi kunda fidoyi, bilimli, mas’uliyatli mutaxassis, Vatanga sadoqatli farzand sifatida yetishib chiqishiga ishonadi. Ularga oq yo‘l, yorqin kelajak va cheksiz omad tilaymiz!















Axborot xizmatiскачать dle 12.1