Filialning fidoyi jamoasi test sinovlari jarayonida namunaviy faoliyat ko‘rsatmoqda
Oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha test sinovlari butun respublika bo‘ylab qizg‘in davom etar ekan, ularni adolatli va muvofiq tashkil etishda soha mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar hamda volontyorlarning o‘rni beqiyos bo‘lmoqda. Ana shunday mas’uliyatli vazifalarni zimmasiga olgan jamoalardan biri bu – Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialidir.
Jumlada, filialining professor-o‘qituvchilari hamda ijtimoiy faol volontyorlari test sinovlari o‘tkazilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bilim va malakalarni baholash agentligi binosida erta tongdan boshlab abituriyentlarga va ularning ota-onalariga yaqindan ko‘mak ko‘rsatmoqda. Ular test oldidan yoshlarga ruhiy tayanch bo‘lish, yo‘nalishlar haqida ma’lumot berish, stressni kamaytirish, shuningdek ota-onalarni qiziqtirgan savollarga aniq va asosli javoblar berish bilan shug‘ullanishmoqda.
Ayniqsa, bugungi sinov kuni davomida filial jamoasi tomonidan tashkillashtirilgan shaxsiy buyumlarni vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus tartibli va xavfsiz zona test topshiruvchilar uchun juda katta qulaylik bo‘ldi. Ushbu hududda yoshlar o‘zlarining telefon, kalit, hujjat, aksessuar va boshqa muhim buyumlarini ishonchli tarzda topshirishdi. Test tugagach, ular o‘z buyumlarini tartibli ravishda qayta qabul qilib olishdi, ruxsatnomalari ham qayta chiqarib berildi. Bu tashkiliy yondashuv abituriyentlar orasida ishonch hissini yanada kuchaytirdi.
Filial direktori A.Esimbetov shaxsan o‘zi ota-onalar bilan bevosita muloqot qilib, test jarayonining qanday kechayotgani, uning adolatli va shaffof tarzda tashkil etilayotgani haqida atroflicha tushuntirish berdi. Shuningdek, u filialda mavjud ta’lim yo‘nalishlari, yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ham batafsil ma’lumot berdi. Rahbarning ochiq va samimiy muloqoti ota-onalar tomonidan iliq kutib olindi.
Volontyorlarning mehribonlik bilan yondashuvi, yo‘l-yo‘riqlari esa yoshlarning o‘zini ishonchli, xotirjam tutishiga xizmat qildi. Abituriyentlar bu e’tibor va qo‘llab-quvvatlashni katta minnatdorchilik bilan qabul qilishdi.
Filial jamoasining ushbu fidoiy yondashuvi nafaqat test topshiruvchilar, balki ularning oilalari qalbida ham ishonch, motivatsiya va minnatdorlik uyg‘otmoqda. Bu esa filial jamoasining o‘z vazifasiga sadoqat, yosh avlodga esa mehr bilan yondashayotganini yaqqol tasdiqlaydi.










мое скачать dle 12.1