Filial professor-o‘qituvchilari va volontyorlari test sinovlari jarayonida faol ishtirok etmoqda
Oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha test sinovlari yurtimizning barcha hududlarida izchil davom etmoqda. Ushbu muhim jarayonlar davomida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali professor-o‘qituvchilari va ijtimoiy faol volontyorlari yuksak mas’uliyat bilan ishtirok etmoqda.
Mazkur filial jamoasi Bilim va malakalarni baholash agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi binosida abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan bevosita muloqotda bo‘lib, ularga zaruriy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Jumladan, test sinovlari oldidan abituriyentlarning ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash, zarur yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumot berish va ularning o‘zini ishonchli his etishiga yordam berish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Volontyorlarning samimiy muomala va yo‘l-yo‘riqlari test topshiruvchilarning sinov jarayonida o‘zlarini erkin va xotirjam tutishlariga, tartib va muvozanatni saqlashlariga katta hissa bo‘lib xizmat qilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning yondashuvi esa ota-onalar orasida ishonchli muhit yaratishga, yoshlarimizga motivatsiya berishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa ta’kidlash joizki, Nukus filialining ushbu tashabbusi yosh avlodning bilimli, dadil va maqsadli bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratmoqda. Abituriyentlar bilan ishlashda ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ota-onalarga bo‘lgan hurmat-ehtirom filial jamoasining oliyjanob qadriyatlarga sodiqligini, ta’lim-tarbiyaga fidoyilik bilan yondashayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bu esa nafaqat yurt kelajagi – yoshlar ta’limi uchun, balki jamiyatda ijobiy ijtimoiy muhitni shakllantirishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
скачать dle 12.1