“Dolzarb 90 kun” doirasida ma’naviy kino oqshomi
Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirish, ularni tarix, san’at hamda ma’naviyatga qiziqtirish — bugungi ta’lim tizimi oldidagi vazifalardan biri sanaladi. Ana shu maqsadda “Dolzarb 90 kun” doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalar turar joyida yashovchi yoshlar uchun kino oqshomi tashkil etildi.
Tadbir doirasida talabalarga milliy tariximiz, ma’naviyatimiz va madaniyatimizga oid muhim sahifalarni yoritib beruvchi “Islom Xo‘ja” nomli hujjatli film namoyish etildi. Ushbu film orqali tomoshabinlar o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy va me’moriy yodgorliklar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Filmda Xiva xonligining yirik davlat arbobi, islohotchi, ma’rifatparvar va quruvchi sifatida tarixda nom qoldirgan Islom Xo‘janing hayoti, faoliyati va o‘z davrida amalga oshirgan islohotlari chuqur badiiy va tarixiy asosda yoritilgan. Talabalar ushbu lavhalar orqali nafaqat tarixiy bilimga ega bo‘ldilar, balki bugungi zamon bilan tarixiy o‘tmish orasidagi uzviy bog‘liqlikni his qilish imkoniyatini topdilar.
Kino oqshomi do‘stona, samimiy va iliq muhitda o‘tdi. Talabalar film namoyishidan so‘ng o‘z fikr va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar, tarixiy shaxslar hayotidan ilhom olish, bilim va tafakkurni oshirish borasida qimmatli saboqlar oldilar.
Shubhasiz, bu kabi tadbirlar yoshlarning intellektual va ma’naviy rivojiga, ularda vatanparvarlik, tarixga hurmat va milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
“Dolzarb 90 kun” doirasida o‘tkazilayotgan har bir tadbir talabalarning ichki olami, bilim va tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kino oqshomi esa shular jumlasidandir – o‘zbek tarixining muhim siymosi orqali yoshlarga yorqin ma’naviy saboq bo‘ldi.
скачать dle 12.1