Ijodga to‘la maydon – bolalar tasavvurining rangli jilosi
Bugun yosh avlod qalbini go‘zallik, ezgulik va yaratuvchanlik ruhida tarbiyalash jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, bugungi tezkor axborotlar va texnologiyalar asrida bolalarning tasavvur olamini, badiiy-estetik didini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslar beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi yana bir yorqin tadbir tashkil etildi. Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu musobaqa rassomchilik yo‘nalishida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni ilhomlantirish va san’atga bo‘lgan muhabbatini oshirishga qaratildi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.Abdijaliyev ochib berib, bunday tashabbuslarning yoshlar ma’naviy olamini yuksaltirishdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. U bolalarda badiiy tafakkur, tasviriy did, mehnat va sabr-toqat kabi fazilatlarni shakllantirishda san’atning beqiyos kuchiga urg‘u berdi.
Musobaqaning o‘ziga xosligi shundaki, u odatiy auditoriyalarda emas, balki ochiq osmon ostida — filial hududidagi asfalt maydonida o‘tkazildi. Shu sababli bu jarayon “Asfaltda rasm chizish” nomi bilan badiiylashtirildi. Bu yer, go‘yoki bolalar tasavvuri uchun ochilgan ulkan tuvalga aylandi. Har bir rasmda — quyosh jilosi, tabiat go‘zalligi, insonparvarlik, mehr-oqibat, tinchlik va do‘stlik singari yuksak tushunchalar mujassam edi. Ranglar esa ular orqali tilga kirgan orzular, istaklar va shuur ifodasi edi.
Yosh rassomlarning qo‘lida oddiy bo‘rlar san’at asbobiga aylandi. Har bir chiziq — qalb ohangi, har bir rang — bolalik xayollari, orzular va ishonch bilan to‘ldirildi. Ular orasida hayvonot olami, ona tabiat manzaralari, ezgu g‘oyalar aks ettirilgan suratlar alohida e’tiborga molik bo‘ldi.
Tadbir so‘nggida faol qatnashgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va topshirildi. Bu nafaqat ularni quvontirdi, balki ijodga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirdi.
Bunday tadbirlar yosh avlod tafakkurini boyitish, ularni mustaqil fikrlovchi, san’atni qadrlovchi, ma’naviy yetuk shaxs sifatida tarbiyalashda katta o‘rin tutadi. "Dolzarb 90 kun" doirasidagi bu kabi tashabbuslar esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda, ularning iste’dodini kashf qilishda muhim o‘rin tutmoqda.
скачать dle 12.1