Yoshlar bayramiga direktor tabrigi
Jamiyatimizning tayanchi, ertangi porloq kunlarimizning asosi bo‘lgan aziz yoshlar! Sizlarni 30-iyun –yoshlar kuni bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Bugungi kunda Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilib, ularning har tomonlama kamol topishi, bilim va kasb-hunar egallashi, tashabbuslarini hayotga tatbiq etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Yoshlarning intilishlari, orzu-umidlari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganining o‘ziyoq bugungi O‘zbekistonning ertangi porloq kelajagiga bo‘lgan mustahkam ishonchning yorqin ifodasidir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bugun yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar bilan uchrashuvda nutq so‘zlab, quyidagicha fikr bildirdilar:
“Yoshlikda olingan bilim – toshga o‘yilgan naqsh, kelajak uchun poydevor degani. Poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, hayotingiz, baxtingiz binosi shunchalik muhtasham bo‘ladi.”
Bu teran so‘zlar har bir yoshning qalbida kuchli mas’uliyat va ishonch uyg‘otadi. Zero, bugun yoshlar nafaqat bilim olayotgan, balki Vatan taraqqiyotiga bevosita hissa qo‘shayotgan bunyodkor kuchga aylanmoqda. Ana shunday ishonchni oqlash yo‘lida har bir yoshdan fidoyilik, intilish va qat’iyat talab etiladi.
Faxr bilan aytishimiz mumkinki, hozirda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 1000 nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Filialimizda faoliyat yuritayotgan pedagog va xodimlarning deyarli 40 foizini yoshlar tashkil etayotgani esa yoshlarimizga bo‘lgan e’tibor va ishonchning amaliy namunasidir.
Yaqinda, 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan iqtidorli yosh xodimamiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining 2025-yil 26-iyundagi 267-sonli qaroriga asosan “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani butun jamoamiz uchun iftixorli voqea bo‘ldi.
Shuningdek, Yoshlar kuni arafasida filialimizning bilimdon, izlanuvchan va tashabbuskor ikki nafar talabasi ham mazkur yuksak mukofotga sazovor bo‘ldi. Bu esa bizning oramizda iqtidorli, namunali va fidoyi yoshlar ko‘pligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Aziz yoshlar!
Siz – Vatanimiz kelajagining bunyodkori, jamiyatimizning tayanchi va faxrisiz! Sizning ilmga chanqoqligingiz, tashabbuskorligingiz, yurtga sadoqatingiz bizni doimo quvontirib kelmoqda. Sizga kelgusi faoliyatingizda ulkan zafarlar, mustahkam sog‘lik, omad va baxt yor bo‘lishini tilayman.
Yoshlar kuni barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
filiali direktori, professor A.Esimbetov
скачать dle 12.1