Yosh va tashabbuskor rahbar “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
27-iyun – O‘zbekiston Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijodkorlarning kasb bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, jurnalistlar va blogerlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. U ommaviy axborot vositalari vakillarining jamiyat hayotidagi o‘rni, axborot makonini rivojlantirishdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi. Bayram munosabati bilan bir qator fidoyi jurnalistlar va matbuot xodimlari “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, “Vatan fidoyisi” va “Umid uchquni” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Quvonarlisi, mukofotlanganlar safida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova ham bor.
U o‘z ishiga mas’uliyatli, professional va zamonaviy yondashuvi, axborotni tezkor va aniq yoritishdagi faolligi bilan ajralib turadi. Aynan shuning uchun u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining 2025-yil 26-iyundagi 267-sonli qaroriga asosan “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mazkur mukofot – yosh mutaxassisning fidokorona mehnati, tashabbuskorligi, axborot sohasidagi samarali faoliyati va ijodiy yondashuviga berilgan munosib bahodir. Z. Xojamuratova bu mukofotga o‘zining amaliy ishlari, jamoatchilik bilan samarali axborot aloqalari, dolzarb yangiliklarni sifatli yoritishdagi faol ishtiroki bilan to‘liq loyiqdir.
Filial jamoasi nomidan Z.Xojamuratovani ushbu yutuq bilan chin dildan tabriklaymiz! Yosh, zukko va mas’uliyatli mutaxassis sifatida erishgan ushbu yuksak e’tirof – sizning mehnatsevarligingiz, qat’iyatingiz va yangilik sari intilishingiz natijasidir.Yangi marralar, yangi imkoniyatlar sari yo‘lingiz ochiq bo‘lsin!
Ijodingiz bardavom, ilhomingiz kuchli, ishonch va e’tibor doimo yo‘ldoshingiz bo‘lsin!


скачать dle 12.1