Oziq-ovqat xavfsizligida innovatsion texnologiyalar: samarali yechimlar va istiqbolli yondashuvlar
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi global miqyosda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, iqtisodiy barqarorlik, aholi salomatligi va milliy xavfsizlik tizimida ushbu yo‘nalish strategik ustuvorlikka ega. Ana shu dolzarb masalaga bag‘ishlab, joriy yilning 27-iyun kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali “Iqtisodiyot va gumanitar fanlar” kafedrasi tomonidan “Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish yo‘llari va yechimlari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining tadbirkorlik va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbarlari, Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi vakillari, respublikaning turli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda yosh olimlar ishtirok etdi.
Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarning yetakchi oliy o‘quv yurtlari ham anjumanda onlayn shaklda qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Tadbirni filial direktori, professor A. Esimbetov ochib berdi. O‘z nutqida u oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishning har bir bosqichida raqamli yondashuvni tatbiq qilish va innovatsion echimlar asosida mahalliy subyektlar faoliyatini takomillashtirish zarurligini alohida ta’kidladi.
Anjumanga taqdim etilgan 50 dan ortiq ilmiy maqolalar orasida zamonaviy texnologiyalarni oziq-ovqat ishlab chiqarishga integratsiya qilish, agrotexnik vositalardan oqilona foydalanish, logistika zanjirlaridagi innovatsion yechimlar, oziq-ovqat sifatini monitoring qilishda sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni kabi dolzarb masalalar chuqur tahlil qilindi.
“Iqtisodiyot va gumanitar fanlar” kafedrasining katta o‘qituvchisi, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
P. Allaniyazov konferensiyada so‘zga chiqib, O‘zbekistonning shimoliy hududlarida, xususan Qoraqalpog‘istonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda parrandachilik sohasidagi innovatsion yondashuvlarning o‘rni haqida ma’ruza qildi. U mahalliy subyektlar o‘rtasidagi hamkorlik, davlat tomonidan yaratilayotgan rag‘batlantiruvchi mexanizmlar, investitsiyalarning oqilona yo‘naltirilishi va ichki talabni chuqur o‘rganish asosida samaradorlikka erishish mumkinligini asoslab berdi.
Konferensiya ishtirokchilari o‘z ma’ruzalarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash nafaqat iqtisodiy muammolarni hal etishga, balki ekologik muvozanat, aholi salomatligi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi sharoitida resurslardan samarali foydalanish va innovatsion yechimlarga tayangan tizim zarurligi urg‘ulandi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Konferensiya materiallari asosida ilmiy to‘plam tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu konferensiya — ilm-fan, innovatsiya va amaliyot uyg‘unligida yangi bosqich bo‘lib, respublikamiz oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi strategik qarorlar uchun mustahkam ilmiy poydevor yaratdi.

















Axborot xizmati
скачать dle 12.1