Koreya tajribasi Nukus filialida: KOICA bilan hamkorlik amaliy bosqichga o‘tmoqda
Joriy yilning 25-iyun kuni Toshkent shahridagi Intercontinental mehmonxonasida KOICA Oʻzbekiston vakolatxonasi tomonidan 2025-yil KOICA Koʻngillilar dasturi doirasida Hamkor Tashkilotlar Konferensiyasi muvaffaqiyatli tashkil etildi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab 21 ta hamkor oliy ta’lim muassasasi vakillari ishtirok etdi. Mazkur konferensiya KOICA va Oʻzbekistondagi hamkor tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ko‘ngillilar loyihalarining barqarorligi va samaradorligini oshirish, shuningdek, xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida o‘tkazildi. Tadbirda faol ishtirok etgan muassasalar qatoridan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi.
Filial direktori, professor A.Esimbetov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i A.Mambetnazarov ham qatnashib, KOICA vakolatxonasi rahbariyati bilan samarali uchrashuvlar va kelishuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida, 2025–2026-o‘quv yilida Koreya Respublikasidan tajribali o‘qituvchilarni qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlari bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun Nukus filialiga yuborish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik asosida ilmiy va amaliy yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslar, tajriba almashish, innovatsion loyiha va dasturlarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. KOICA bilan o‘rnatilayotgan hamkorlik, xususan Ko‘ngillilar dasturi doirasida koreyalik mutaxassislarning dars berishi, Nukus filialida ta’lim sifatini oshirish, xalqaro ilmiy-innovatsion muhitni shakllantirish, talabalar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi. Nukus filialining ushbu yirik konferensiyadagi faol ishtiroki, nafaqat muassasa nufuzini oshirdi, balki O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlikning amaliy ifodasiga aylanishiga xizmat qildi. KOICA bilan olib borilgan muzokaralar asosida filialda amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar, yaqin yillarda mintaqaviy darajadagi ilg‘or ta’lim markaziga aylanish sari muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.




скачать dle 12.1