Qalam va qalb birlashganda: ijodkor va yoshlar
Samarqand davlat veterinariyameditsinasi, chorvachilikva biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Dolzarb 90 kun” doirasidagi navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir — “Ijodkor va yoshlar” deb nomlangan samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir Axborot-resurs markazi xodimlarining tashabbusi bilan tashkil etilib, barchaga iliq tuyg‘ular ulashdi.
Uchrashuv mehmoni – O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yuragidan to‘g‘ri kelgan har bir satrni xalq dardiga aylantirib yozuvchi iste’dodli shoir S.Sirg‘abayeva bo‘ldi. Tadbirni filialning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.Avezimbetov kirish so‘zi bilan ochib, yosh avlod uchun bunday ma’naviy muloqotlar hayotiy saboq ekani ta’kidlandi.
So‘ngra Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova va Axborot-resurs markazi rahbari Z.Erlepesova so‘zga chiqib, shoiraning hayot yo‘li, ijod maktabi va badiiy dunyoqarashi haqida iliq fikrlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Shoira bilan bo‘lgan muloqot nihoyatda hayajonli va ilhomlantiruvchi bo‘ldi. Talabalar she’riyatning asl mazmuni, qalbdan chiqadigan so‘zning kuchi haqida so‘rab, o‘zlarini qiynagan savollarga javob olishdi. Shoira esa, ularga oddiygina, lekin yurakka botadigan so‘zlar bilan javob berdi:
“Adabiyot – bu yurak nidosi. Unda manfaat izlash – ko‘ngilni qora bulut bilan qoplashdir. Ijodkor – manfaat izlamaydi, u yuragini ochadi, iztirobini so‘zga soladi, xalq dardini satrga joylaydi”, — deydi S.Sirg‘abayeva. Uchrashuv yakunida shoiraning o‘zi yozgan “So‘z bekati” nomli she’riy to‘plami filial kutubxonasiga sovg‘a qilindi. Shuningdek, eng faol ishtirok etgan, mazmunli savoli bilan ajralib turgan talaba-yoshga ham shoiraning “So‘z bekati” kitobi esdalik sovg‘asi sifatida topshirildi.
Tadbir davomida talabalar ham o‘z she’rlarini o‘qib, ijodkor bilan fikr almashdilar. Uchrashuv nafaqat so‘z san’atiga oshno qalblarni uyg‘otdi, balki yoshlarning ma’naviy olamiga yangi bir yorug‘lik olib kirdi.
Bunday uchrashuvlar ijodga chanqoq qalblarga suv sepadi, ma’naviyatni boyitadi va ayniqsa, o‘z yo‘lini endi boshlayotgan yoshlar uchun ustozona maslahatlar maktabiga aylanadi.

















Axborot xizmati
скачать dle 12.1