Xodimlarning mehnat huquqlari – dolzarb mavzu sifatida muhokamada
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xodimlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 10-iyunidan 31-iyuliga qadar “Xodimlarning mehnat huquqlari kafolati” mavzusida respublika miqyosidagi huquqiy targ‘ibot aksiyasi o‘tkazilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida huquqiy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdi. Tadbirni filialning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Q.Atanazarov ochib berar ekan, u zamonaviy mehnat munosabatlarida huquqiy bilimlarning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi. Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining sho‘ba bosh maslahatchisi B.Matjanova, Nukus shahri Adliya bo‘limining bosh yuriskonsulti M.Xojaxmetova va ushbu bo‘lim xodimi O.Seytnazarov ishtirok etib, mavzu yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etdi.
Ular mehnat shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish tartiblari, xodimlarning ijtimoiy kafolatlari, mehnat nizolarining huquqiy hal etilishi kabi masalalarda qonunchilikda belgilangan normalar haqida tushunchalar berdi. Shuningdek, uchrashuvda filial yuriskonsulti N.Kannazarova ham ishtirok etdi va mehnat huquqlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, bevosita huquqshunoslardan tushunarli va asosli javoblar olish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu esa tadbirni ikki tomonlama ochiq muloqot shaklida tashkil etilishiga xizmat qildi. Mazkur huquqiy uchrashuv xodimlarning mehnat huquqlarini yanada chuqurroq anglashlariga va o‘z haq-huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilishga bo‘lgan intilishlarini kuchaytirdi.
скачать dle 12.1