“Sayyor kutubxona” talabalarga ma’naviy boylik ulashdi
Bugun yoshlarning intellektual salohiyati, dunyoqarashi va ma’naviy olamini yuksaltirish har qachongidan ham dolzarb masalaga aylangan. Ayniqsa, kitobga mehr uyg‘otish, uni hayot tarziga aylantirish yosh avlodni komil inson etib tarbiyalashda muhim vositadir. Shu maqsadda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir filial Axborot-resurs markazi xodimlari tashabbusi bilan tashkil etildi va o‘ziga xos mazmuni, yangicha yondashuvi bilan ajralib turdi. Tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi mutaxassislari X.Atamuratova va N.Eliwbayeva tomonidan “Sayyor kutubxona” tashkil etildi. Ushbu loyihada filial talaba-yoshlari turli mavzulardagi kitoblar bilan tanishish, ularni o‘qish uchun vaqtincha olish, mutaxassislar bilan fikr almashish imkoniga ega bo‘ldilar. Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi globallashuv davrida yoshlarning ma’naviy immunitetini kuchaytirishda kitobning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.
— Bugun kitob insonni fikrlashga, tahlil qilishga, eng muhimi, to‘g‘ri yo‘l tanlashga o‘rgatadi. “Sayyor kutubxona” esa bilim va ma’rifatni har qadamda yoshlarimizga yetkazishga xizmat qiladi, — dedi X.Abdijaliyev. Tadbir davomida talabalar o‘zlari qiziqqan asarlarni tanlab, kutubxona mutaxassislari bilan suhbatlashishdi, yangi kitoblar haqida ma’lumot oldilar. Ayniqsa, badiiy, tarixiy va zamonaviy adabiyotlarga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘ldi. Talabalar bu kabi tadbirlarning doimiy o‘tkazilishi ularning ma’naviy dunyosini boyitishiga xizmat qilishini bildirishdi. Axborot-resurs markazi xodimlarining aytishicha, bu kabi loyihalar orqali nafaqat kitobxonlik targ‘ib qilinadi, balki yoshlar orasida o‘zaro do‘stlik, ijobiy muhit ham shakllanadi.Tadbir yakunida talabalarga targ‘ibot-broshyuralari, tavsiya etilgan asarlarning ro‘yxati tarqatildi hamda kitobxonlik estafetasi e’lon qilindi. Zero, buyuk mutafakkirlarimiz bejizga “Kitob – eng sodiq do‘st” demaganlar. Nukus filialidagi “Sayyor kutubxona” esa bu haqiqatni yana bir bor amalda isbotladi.
скачать dle 12.1