Korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ta’lim sifatini oshirish, halollik tamoyillarini mustahkamlash va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida professor-o‘qituvchilar va xodimlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Tadbirni o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Q.Atanazarov olib bordi. U o‘z chiqishida korrupsiyaning jamiyat rivojiga salbiy ta’siri, oliy ta’lim tizimidagi xatarli omillar, ularni bartaraf etish mexanizmlari haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, muloqot davomida profilaktika inspektori, kapitan Q.Qayipnazarov korrupsiya tushunchasi, unga oid qonunchilik normalari, javobgarlik choralari va bu boradagi amaliy tajribalar haqida atroflicha tushuntirish berdi. U imtihonlar jarayonida har qanday noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida halollik va ochiqlik tamoyillariga qat’iy amal qilish zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti dekani A.Kaniyazov so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashda har bir pedagog xodimning shaxsiy mas’uliyati va fuqarolik pozitsiyasi muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
U yaqinlashib kelayotgan yakuniy nazorat va attestatsiya imtihonlarining adolatli, shaffof va qonuniy asosda o‘tishini ta’minlashda barcha xodimlar mas’uliyatli bo‘lishi lozimligini urg‘uladi. Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, amaliy takliflar bilan chiqishdi. Korrupsiyani ildiziga yetib borgan holda yo‘qotish uchun ta’lim muassasalarida tizimli yondashuv, qonuniylik, axloqiy tamoyillar va ochiqlik muhitini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Tadbir yakunida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish, uni oldini olishda har bir xodim va pedagogik jamoaning faol ishtiroki zarurligi yana bir bor uqtirildi. Mazkur ochiq muloqot — Nukus filialida halollik, shaffoflik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.











скачать dle 12.1