Shakarim universiteti vakillari talabalarga dars mashg‘ulotlari olib bordi
Xalqaro ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlash bugungi ta’lim tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan samarali va mazmunli hamkorlik aloqalari nafaqat tajriba almashish, balki o‘quv jarayonini innovatsion yondashuvlar bilan boyitishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, yaqinda Qozog‘iston Respublikasining Semey shahrida joylashgan Shakarim universiteti o‘qituvchilari L.Gabdullina, PhD hamda B.Jumagulov Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasidagi dastlabki uchrashuv filial direktori, professor A.Esimbetov ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Samimiy ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida mehmonlarga filial tarixi, mavjud yo‘nalishlar, o‘quv va ilmiy jarayonlar, xalqaro hamkorlik aloqalari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Tomonlar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, akademik almashinuv, qo‘shma loyihalar va ilmiy izlanishlar borasida takliflar bildirishdi.
E’tiborlisi, tashrif doirasida mehmonlar "Iqtisodiyot va gumanitar fanlar kafedrasining" Ekonomika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazdilar. Jumladan. L.Gabdullina tomonidan o‘tkazilgan ma’ruza darsi davomida Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiyotining hozirgi holati, ularning o‘zaro iqtisodiy hamkorligi, integratsion jarayonlar va mintaqaviy iqtisodiy aloqalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ma’ruzada, shuningdek, mehnat bozori, eksport-import salohiyati, hamda iqtisodiy siyosatdagi umumiylik va farqlar tahlil qilindi.
Talabalar berilgan mavzularni katta qiziqish bilan tinglab, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Mazkur tashrif doirasidagi dars mashg‘ulotlari filialda ta’lim sifati va xalqaro tajriba almashuvini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Filial bugungi kunda Qozog‘istonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, o‘zaro tajriba almashinuvi, ilmiy-pedagogik hamkorlik va akademik integratsiyani kengaytirishga intilmoqda.
скачать dle 12.1