2025-yil 19-iyun kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi bosqich talabalari o‘z diplom ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.Mazkur jarayon filialdagi ilmiy-akademik hayotning eng muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Aynan shu kuni “Veterinariya meditsinasi” va “Zooinjeneriya” yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 16 nafar bitiruvchi talaba o‘z ilmiy izlanishlarining natijasini taqdim etdi. Har bir talaba o‘z ilmiy rahbari ko‘magida tanlagan mavzusi yuzasidan chuqur tahlil va takliflar asosida tayyorlangan diplom ishini himoya qildi.
Shu munosabat bilan bitiruvchi bosqich talabasi Irоda Tursinbaeva quyidagicha fikr bildirdi:
— Men to‘rt yil davomida talabalik hayotimni faollik bilan o‘tkazdim, ilm olishdan charchamadim, doimiy izlandim. Bugun esa o‘sha mehnatlarim o‘z samarasini berdi – diplom ishimni a’lo bahoga himoya qildim. Bu mening hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri bo‘ldi. Ustozlarimga, do‘stlarimga va butun jamoaga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Ma’lumot uchun, joriy yilda filial bo‘yicha 281 nafar bitiruvchi talaba yakuniy davlat attestatsiya imtihonlarini topshirdi. Bu esa ta’lim jarayonining samaradorligi va sifatidan dalolat beradi.
Filial rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ushbu jarayonni adolatli, shaffof va yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratdi.
Bitiruvchilar uchun bu jarayon – nafaqat ilmiy ishini himoya qilish, balki mustaqil hayot sari dadil qadam qo‘yish, kasbiy faoliyatning ilk poydevorini qo‘yishdir.