Davlat attestatsiyasi – bilimlar sinovi va orzular poydevori
2025-yilning 18-iyun kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi bosqich talabalarining yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari o‘tkazildi.
Davlat attestatsiya jarayoni filialda ochiqlik, shaffoflik va adolatlilik tamoyillari asosida tashkil etilib, “YouTube” platformasi orqali jonli efirda yoritildi. Bu esa nafaqat ota-onalar, balki keng jamoatchilikka ham jarayonni bevosita kuzatish imkonini berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Nukus filialini 4 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 297 nafar talaba tamomlamoqda. Ularning 281 nafari 18-iyun kuni yozma shakldagi yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan bo‘lsa, qolgan 16 nafar bitiruvchi 19-iyun kuni diplom ishlarini himoya qiladi.
Mazkur tadbir bitiruvchilar bilim darajasini xolis baholash, ularning o‘zlashtirgan nazariy va amaliy ko‘nikmalarini aniqlash, shuningdek, kelgusida malakali mutaxassislar sifatida mehnat bozoriga dadil kirib borishlari uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. — To‘rt yil davomida ushbu filialda nafaqat bilim, balki hayotiy saboqlarni ham oldim. Bugun yakuniy imtihonni topshirib, orzular sari dadil qadamlab borayotganimda, mendan bilim va tarbiya ayamasdan yo‘l ko‘rsatgan ustozlarimga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Barchangizga rahmat — deydi bitiruvchi bosqich talabasi Azizbek Tursinov
Ta’kidlash lozimki, filial rahbariyati tomonidan bitiruvchilarga qulay va adolatli imtihon muhitini yaratish borasida barcha zaruriy tashkiliy va texnik sharoitlar ta’minlangan. Bu esa o‘z navbatida jarayonning yuksak saviyada va tizimli tarzda o‘tishini ta’minladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi — nafaqat ta’lim jarayonining so‘nggi bosqichi, balki yosh mutaxassislar hayotida yangi bosqichning boshlanishi hamdir.
скачать dle 12.1