Yangi avlod mutaxassislari dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilmoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida magistrantlarning bitiruv dissertatsiyalarini himoya qilish jarayonining ikkinchi kuni ham yuqori saviyada tashkil etildi.
“Veterinariya meditsinasi va farmakologiyasi” kafedrasining ikki yo‘nalishi — “Veterinariya mikrobiologiyasi, virusologiyasi, epizootologiyasi, mikologiyasi va immunologiyasi” hamda “Hayvonlarning parazitli va yuqumli kasalliklari” bo‘yicha tahsil olayotgan jami 6 nafar magistrant o‘z ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilishdi.
Himoya jarayonlarida ishtirokchilarning mavzu tanlovi, ilmiy yondashuvi, tadqiqot metodikasi va amaliy natijalari komissiya a’zolari tomonidan yuqori baholandi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston hududida uchraydigan parazit turlarining morfologik va molekulyar-genetik tahliliga bag‘ishlangan ishlar amaliy ahamiyati bilan ajralib turdi.
Shular qatorida magistrant J.Kushimatov quyidagicha fikr bildirdi:
— “Qoraqalpog‘iston hududida tarqalgan yirtqich hayvonlar paraziti: Echinococcus granulosus turining morfologik xususiyatlari va molekulyar-genetik tahlili” mavzusidagi dissertatsiyamni a’lo bahoga himoya qildim. Bu jarayon davomida nafaqat nazariy bilimlarimni chuqurlashtirdim, balki amaliy ko‘nikmalarni ham egalladim. Men uchun bu katta tajriba va mas’uliyatli qadamlardan biri bo‘ldi.
Filial direktori A.Esimbetov bitiruvchilarga quyidagicha ezgu tilak bildirdi:
— Sizlar ilm-fan, veterinariya tibbiyoti va jamiyat oldidagi mas’uliyatli yo‘lga qadam qo‘yayotgan yoshlarsiz. O‘z ustingizda tinimsiz izlaning, kelajakka dadil intiling. Har biringizga mustahkam iroda, yorqin yutuqlar va nurli istiqbol tilayman!
Ma’lumot o‘rnida, joriy o‘quv yili yakunida Nukus filialida jami 9 nafar magistrant tahsilni muvaffaqiyatli yakunlamoqda.







Axborot xizmatiскачать dle 12.1