Tayanch doktorantning ilmiy izlanishlariga bag‘ishlangan aprobatsiya o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida tayanch doktorantlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ilmiy salohiyatini keng ommaga taqdim etish maqsadida navbatdagi ilmiy aprobatsiya bo‘lib o‘tdi. Unda Veterinariya meditsinasi va farmakologiyasi kafedrasining “Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi. Veterinar akusherligi va hayvonlar reproduktsiyasi biotexnikasi” ixtisosligi bo‘yicha birinchi bosqichda tahsil olayotgan tayanch doktorant N.Dauletbaev o‘z ilmiy izlanish natijalarini taqdim etdi. Ilmiy ish “Kurkalar orqa oyoq muskullarining chiziqli o‘lchamlari va og‘irliklarini o‘lchash hamda matematik ishlovdan o‘tkazish” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, aprobatsiya davomida yosh tadqiqotchi kurkalarning tana tuzilishi, harakat mexanizmi va mushak massasining skeletga nisbati kabi muhim morfologik xususiyatlarini ilmiy asosda yoritib berdi. Ta’kidlanishicha, kurkalarda mushak massasining skelet massasiga nisbati 2,2–2,4:1 ni tashkil qiladi va bu ko‘rsatkich ularning harakat funksiyasi, ayniqsa orqa oyoqlarning biomekanik ahamiyatini aniqlashda muhim mezon hisoblanadi.
Aprobatsiyada kurkalarning orqa oyoq muskullari anatomik tuzilishi, harakatdagi ishtiroki, ularning chiziqli o‘lchamlari va og‘irligi yuzasidan olib borilgan kuzatuvlar va matematik ishlov natijalari keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Yosh tadqiqotchining taqdimoti davomida tovuqsimonlar sinfiga mansub parranda turlarida uchraydigan noyob pay-muskul tizimi, ularning daraxt shoxida energiya sarflamasdan tura olish xususiyati, shuningdek oyoq bo‘g‘imlarining harakatdagi muvofiqlashtirilgan ishi kabi dolzarb mavzular atroflicha tahlil qilindi.
Ilmiy tadqiqot veterinariya fanlari nomzodi, professor R.M.Tashtemirov rahbarligida olib borilmoqda. Aprobatsiya yakunida kafedra a’zolari, va soha mutaxassislari tomonidan izlanishlarning dolzarbligi, amaliy ahamiyati va ilmiy yondashuvlar yuqori baholandi. Mazkur aprobatsiya N.Dauletbaevning ilmiy izlanish yo‘nalishidagi ilk namunali chiqishi sifatida e’tirof etildi va uning keyingi ilmiy faoliyati uchun mustahkam zamin yaratdi.







Axborot xizmatiскачать dle 12.1