“Qoraqalpog‘im” jamoasi – bilimdonlar bellashuvida yetakchi
Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va intellektual salohiyatini rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida talaba-yoshlar uchun qiziqarli va mazmunli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bilimdon talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Turnir yakunida 404-guruh talabalaridan iborat “Qoraqalpog‘im” jamoasi birinchi o‘rinni, 307-guruhning “Forever” jamoasi ikkinchi, 402-guruhning “Qareken” jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Bugun g‘olib jamoalarga tantanali tarzda diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Taqdirlash marosimida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.Abdijaliyev ishtirok etdi. Mazkur intellektual bellashuv talabalar bilimini sinovdan o‘tkazish bilan birga, ularning jamoaviy ishlash ko‘nikmasini rivojlantirish, erkin fikrlash va muomala madaniyatini shakllantirishda muhim omil bo‘ldi.
Bunday tadbirlar yoshlarning faolligi va intellektual salohiyatining yuksalishiga zamin yaratadi.
скачать dle 12.1