Giyohvandlik va oits – asr vabolariga qarshi kurashish barchamizning burchimiz
Bugungi kunda jahonda dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolayotgan giyohvandlik va OITS kasalligi yoshlar orasida xavotirli darajaga yetmoqda. Ayniqsa, talaba-yoshlar orasida bu kabi illatlarga qarshi immunitetni faqat tibbiy yo‘l bilan emas, balki ma’naviy, axloqiy va huquqiy bilimlar orqali ham kuchaytirish zarurati kun sayin ortib bormoqda.
Shu maqsadda, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida "Giyohvandlik – asr vabosi" va "OITSga qarshi kurashish" mavzulariga bag‘ishlangan profilaktik tadbir tashkil etildi. Uchrashuvni filial profilaktika inspektori, kapitan Q.Qayipnazarov ochib berar ekan, yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni bu illatlardan ogohlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. U, shuningdek, bu kabi tahdidlar faqatgina bir kishining emas, balki butun jamiyatning muammosiga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurash markazi shifokori A.Djanibekova hamda markaz metodisti Sh.Ilalatdinovlar tomonidan talabalarga ushbu xavfli kasalliklar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Ular OITS infeksiyasining yuqish yo‘llari, kasallikning belgilari, davolash usullari va eng muhimi – uning oldini olish choralariga alohida e’tibor qaratdilar.
Mutaxassislar giyohvandlik vositalarining inson salomatligiga yetkazadigan halokatli zararlarini, shuningdek, bu illatning OITS kabi kasalliklarga yetaklovchi omillardan biri ekanligini ilmiy dalillar asosida yoritib berdilar. Ma’ruzachilar tomonidan keltirilgan faktlar va hayotiy misollar tadbir ishtirokchilariga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Mazkur tadbir talabalarda muhim hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilib, ularni sog‘lom hayot tamoyillariga sodiq qolishga undaydi. Zotan, giyohvandlik va OITSga qarshi kurashda faqat davlat emas, balki har bir fuqaroning, ayniqsa yosh avlodning ongli yondashuvi, hushyorligi va mas’uliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi. Shu tariqa, bunday uchrashuvlar nafaqat axborot berish, balki yoshlarni ongli ravishda yot illatlardan himoya qilish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
скачать dle 12.1